O‘z joniga oshkora qasd qilish bugun kim uchun nimani anglatmoqda?

Shu hafta ayrim Afrika va Yaqin Sharq davlatlarida bir qator insonlarning o‘zlariga oshkora o‘t qo‘yib yuborishlari ushbu usul qudratli siyosiy vositaga aylanib bormayaptimi, degan savollarni paydo qilgan.

Asrlarki, o‘ziga o‘t qo‘yish Afg‘oniston va ayrim Osiyo davlatlarida o‘z joniga qasd qilishning eng keskin yo‘llaridan biri bo‘lib kelgan.

Ammo bu kabi holat Shimoliy Afrika va Yaqin Sharqda bunchalik keng uchramagan.

Deylik, o‘tgan dekabr oyi o‘rtalarida tunislik yoshgina yigitning o‘ziga o‘t qo‘yib yuborishi Tunisda yaxshigina g‘alayonlarga sabab bo‘ldi.

Keyin shunga o‘xshash hodisa Tunisga qo‘shni davlatlarda ham yuz berganiga oid xabarlar tarqaldi.

Kecha, misol uchun, o‘ziga o‘t qo‘ygan 25 yoshli ishsiz yigit Misr kasalxonasida hayotdan ko‘z yumdi.

Xuddi shu tariqa o‘z joniga qasd qilgan uch nafar misrlikning hayotini asrab qolishga muvaffaq bo‘lindi.

Jazoyirda yettita xudkushlik holati yuz bergan bo‘lsa, ulardan bittasi fojeiy yakun topdi.

Agar tarixga nazar tashlansa, o‘z joniga qasd qilish hollari Sharqiy va Janubiy Sharqiy Osiyo davlatlarida keng tarqalgan.

Asosan erkaklar ustunlik qiluvchi jamiyatlarda ko‘pincha nochor ahvolda qolgan ayollar ana shunday yo‘l tutib, o‘z noroziliklarini izhor etib kelishgan.

Jumladan, Markaziy Osiyo davlatlarida ham, ayniqsa, qishloq hududlarida bu kabi hollar uchrab turadi.

Xotin-qizlarning o‘z jonlariga qasd qilish hollari Afg‘onistonning g‘arbiy Hirot viloyatida eng ko‘p qayd qilingan.

Ayollar chorasizlikdan yoki o‘z shaxsiy noroziliklarini ifodalashning eng keskin usuli sifatida o‘zlarini o‘ldirishga borishadi.

Maishiy zo‘ravonliklar juda keng tarqalgan Hindistonda ham xuddi shunday vaziyatga guvoh bo‘lish mumkin.

Ammo siyosiy norozilikning ifodasi o‘laroq o‘z joniga oshkora qasd qilish hollari kam uchraydi. Ammo ro‘y berib turadi.

Deylik, 1969 yilda chexlar Sho‘rolar ishg‘oli, 1990 yilda hindistonliklar universitet va davlat tashkilotlaridagi ish o‘rinlarining kishilarning tabaqalariga qarab taqsimlash taklifi, 1999 yilda esa, Turkiyadagi kurdlarning yetakchilari Abdullo Ojalanning hibsga olinishiga qarshi o‘z noroziliklarini xuddi shu tariqa ifodalashgan.

Ammo bu Yaqin Sharq uchun shu paytgacha kuzatilmagan bir holat va uning tezlik bilan tarqalib borayotgani xavotirlarga ham sabab bo‘lmoqda.

Boshqalarga ziyon yetkazmay turib, faqat o‘z joniga qasd qilish kishilarni dahshatga solish bilan birga, juda kuchli siyosiy vosita ham bo‘lishi mumkin.

Tunis misolida bu kabi hodisa g‘alayonlarning o‘t olishiga sabab bo‘ldi.

Dolzarb masalalarni sharhlab boruvchi "Stratfor" tashkilotiga ko‘ra, kishilar siyosiy sabablar tufayli o‘zlarini o‘ldirishar ekan hukumatlar ham ularni jazolay olishmaydi.

Ular bunday yo‘l tutishar ekan, aytmoqchi bo‘lgan niyatlarini hukumat na-da nazorat eta oladi va na-da ushlab qola oladi.

Sharhlovchilarga ko‘ra, Shimoliy Afrika davlatlarida o‘z joniga qasd qilish hollarining ortib borayotgani tashvishlanarli holatdir.

Ularning aytishlaricha, shu bois ham, hukumatlar buning oldini olish uchun tezkor choralarga qo‘l urmoqlari lozim.

Arab dunyosi rahbarlari kecha Misrda yig‘ilisharkan, Tunisdagi voqealarning aks-sadosini tuygan bo‘lishlari tayin.

Chunki Tunisdagi g‘alayonlar boshqa arab davlatlarida ham o‘zgachafikrlilikning uyg‘onishiga turtki berdi.

Endi mazkur hukumatlar rahbarlarining odamlarni so‘nggi yo‘lga yetaklayotgan omillarga qanchalik e‘tibor qaratishlari bu - endi boshqa masala.