Сўнгги янгиланиш 21 январ 2011 - 16:12 GMT

Britaniya O‘zbekiston Islomiy Harakatining Pokistondagi ittifoqchisi faoliyatini taqiqlamoqchi

Britaniya O‘zbekiston Islomiy Harakatining ittifoqchisi bo‘lgan Pokistondagi eng yirik "Tehrik-i-Taliban Pakistan" jangari guruhining faoliyatini taqiqlamoqchi. Siyosatchilarga ko‘ra, terrorchilik xavfining oldini olish uchun shunday yo‘l tutishga majbur bo‘lishmoqda. Ayni masala shu kunlarda britan parlamentida muhokama etiladi. Guruh Pokistonning Afg‘oniston bilan chegaradosh va hukumat nazorati ostida bo‘lgan qavmlar yashovchi beqaror Vaziriston mintaqasida amal qiladi. Ayrim ma‘lumotlarga ko‘ra, Pokistondagi taniqli Tolibon qo‘mondoni Hikmatulloh Mahsud boshchilik qiluvchi jangari guruh a‘zolarining soni 30-35 ming kishini tashkil etadi. "Tehrik-i-Taliban Pakistan" guruhiga 2007 yilda "Al-Qoida" tarmog‘i bilan yaqindan hamkorlikda o‘sha paytda Pokistondagi Tolibon harakatining yo‘lboshchisi bo‘lgan marhum Baytulloh Mahsud tomonidan asos solingan. Guruh hozirda Pokistonning qavmlar yashovchi Vaziriston mintaqasidan boshpana topgan O‘zbekiston Islomiy Harakatini ham dastaklab kelishi aytiladi. "Tehrik-i-Taliban Pakistan" jangari guruhining faoliyati Pokiston doxil qator G‘arb davlatlarida taqiqlangan. Biz Pokistonning Peshovar shahridan jurnalist Rahimulloh Yusufzay bilan bog‘lanib, eng avvalo ushbu jangari guruhning faoliyati haqida so‘radik:

Rahimulloh Yusufzay: "Tehrik-i-Taliban Pakistan" toliblarning Pokistondagi eng yirik jangari guruhi hisoblanadi. 2007 yilda tashkil etilgandan buyon unga Pokistondagi boshqa Tolibon va jihodchi guruhlar ham qo‘shilishgan. Guruh qariyb butun Vaziriston mintaqasi bo‘ylab faoliyat olib boradi. Bundan tashqari beqaror Svat vodiysining katta qismini ham nazorat qiladi. Pokistonning boshqa ko‘plab mintaqalaridagi jangari guruhlar bilan ham aloqasi bor. Shu sabab, o‘z qanotlarini kengaytirib, kundan-kunga kuchayib bormoqda. Ularning Afg‘onistondagi Tolibon harakati, "Haqqoniy" va "Al-Qoida" tarmoqlari bilan ham aloqasi bor.

BBC: Ayrim manbalarda ushbu jangari guruhning O‘zbekiston Islomiy Harakati bilan ham ittifoqchilik qilishi aytiladi. Bu ikki guruh orasidagi aloqalar borasida sizga nimalar ma‘lum?

Rahimulloh Yusufzay: Pokistonning qavmlar yashovchi Vaziriston mintaqasining katta qismini nazorat qilgani uchun, guruh dunyoning har qanday chekkasidan kelayotgan guruhlarga boshpana berib keladi. Ularning orasida arablar, markaziy osiyoliklar va afg‘onlar ham bor. Xuddi shuning uchun ham "Tehrik-i-Taliban Pakistan" hali Tohir Yo‘ldosh boshchiligi paytida O‘zbekiston Islomiy Harakati guruhiga ham Shimoliy Vaziriston va ham Janubiy Vaziristondan boshpana bergan. Ikkovlonning oralaridagi aloqalar nihoyatda mustahkam. Lekin bu guruhlarning orasida eng kuchlisi "Tehrik-i-Taliban Pakistan"dir. Shu sababdan ham, u qolgan barcha guruhlarga homiylik qilib, ularga boshpana berib keladi. Chunki xorijiy jangarilar ularning homiyligisiz ish yurita olishmaydi.

BBC: Agar bitta O‘zbekiston Islomiy Harakati misolida aytadigan bo‘lsak, "Tehrik-i-Taliban Pakistan" guruhining homiyligi va yordami aynan nimalarni ko‘zda tutadi?

Rahimulloh Yusufzay: Guruh ularga yashash uchun joy beradi, harbiy tayyorgarlikdan o‘tishlariga yordam beradi, qurol-yarog‘ bilan ta‘minlaydi, mahalliy hukumat va xavfsizlik kuchlaridan himoya etadi...Ular buning evaziga birgalashib Pokiston hukumati va qurolli kuchlariga qarshi urush olib borishadi. Buni ikki tomonlama manfaatli hamkorlik, deb atash mumkin.

BBC: Siz "Tehrik-i-Taliban Pakistan" toliblarning Pokistondagi eng yirik jangari guruhi deyapsiz. Shunday ekan, biz bu guruhni mintaqaga qanchalik jiddiy tahdid deb baholashimiz mumkin?

Rahimulloh Yusufzay: Guruh AQSh doxil ayrim G‘arb davlatlarida hujum uyushtirish rejasida ekanini da‘vo etib keladi. Deylik, Nьyu Yorkning "Tayms" maydonida hujum uyushtirish rejasida bo‘lgan jangarilardan birining tayyorgarlikdan o‘tish uchun Pokistonga ham borgani aytilgandi. Demoqchimanki, shunga o‘xshash hujumlarning ayrimlari ushbu guruhga aloqadorlikda ko‘riladi. Ammo guruh O‘zbekiston yoki boshqa biror bir Markaziy Osiyo davlatida hozircha bunga qodir bo‘lgan, deb aytolmayman. Lekin eng muhim jihati, guruhning O‘zbekiston Islomiy Harakati bilan hamkorligidir.

BBC: Mana, ushbu jangari guruhning faoliyati Pokistonning o‘zida va Amerikada ham taqiqlangan. Endi esa, Britaniya ham uning faoliyatini man etmoqchi. Shunday ekan, bularning barchasi ushbu guruhning faoliyatiga qanchalik ta‘sir qilishi mumkin?

Rahimulloh Yusufzay: Men jiddiy ta‘sir ko‘rsatadi, deb o‘ylamayman. Siz bunga o‘xshash guruhlarning faoliyatini taqiqlarkansiz, eng avvalo hisob raqamlarini muzlatasiz. Parvoz qilishlarini cheklaysiz. Britaniya yoki Amerikaga kelishlariga imkon bermaysiz. Men guruh a‘zolarining Britaniya yoki Pokiston banklarida hisob raqamlari bor deb o‘ylamayman. Ya‘ni ular mablag‘larini o‘zlariga xayrixoh bo‘lgan biror bir shaxs yoki tashkilotning hisobida ushlashadi. Ikkinchidan, ular Britaniya yoki Amerikaga safar qilishmaydi. Uchinchidan esa, guruh Pokistonning juda chekka mintaqasida yashab, faoliyat yuritadi, shuning uchun ham bu taqiqlarning barchasi ramziy bir ma‘noga ega, xolos.

BBC: Guruhning bugungi kundagi faoliyatiga qanday baho berasiz? Guruh hozir qanchalar faol?

Rahimulloh Yusufzay: Guruh Pokistonda nihoyatda faol. Qavmlar yashovchi mintaqalarda hali qarasangiz portlash, hali qarasangiz xudkushlik hujumi amalga oshiriladi, hali qarasangiz xavfsizlik kuchlari hujumga tutiladi... Deylik, kuni-kecha Pokiston Qurolli kuchlarining Vaziristondagi jamlog‘ini hujumga tutishdi. Uch askar qurbon bo‘ldi. Yaqindagina Peshovardagi maktab qarshisida portlash yuz berdi. Bularning barchasida ushbu guruh yoki ularning ittifoqchilarining qo‘li bor. Guruh faol. Shu sababdan ham, Pokiston armiyasi ularga qarshi harbiy amaliyotlar olib bormoqda. Amerikaning uchuvchisiz uchoqlari ham ularni hujumga tutmoqda. Ammo guruh halicha mag‘lub bo‘lmagan. Shuning uchun ham urush davom etmoqda.

Биз билан боғланинг

* Тўлдириш шарт бўлган жойлар

(Кўпи билан 500 белги)

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.