Qirg‘iziston o‘zbeklari Karimovdan Brusselda ularga ham e‘tibor qaratishni so‘rashmoqda

Image caption Prezident Karimovga murojaat qilgan o‘zbek arboblari orasida O‘zbekiston hukumatining "Buyuk Xizmatlari Uchun" ordeni sohibi kosmonavt Solijon Sharipov ham bor

Prezident Islom Karimov Brusselga safarini boshlar ekan, Qirg‘izistondagi bir qator o‘zbek milliy-madaniy markazlar rahbarlari hamda xorijdagi o‘zbek jamoalari faollari O‘zbekiston prezidentiga murojaat etishgan.

Maktub mualliflari Prezident Karimovdan Ovro‘po Ittifoqi rahbariyati bilan uchrashuvlari chog‘ida Qirg‘izistonda "azob chekayotgan" o‘zbek aholisining ahvoliga e‘tibor qaratishni so‘rashgan.

Murojaatnomaga qirg‘izistonlik asli o‘zbek uchuvchi va fazogir Solijon Sharipov, Jaloloboddagi o‘zbek milliy markazining rahbari Muhammadqodir Qoraboyev, Moskvadagi "Ehson" hayriya jamg‘armasi faoli Dilmurod Isoqov, Ukrainadagi o‘zbek milliy markazi rahbari Shahobiddin Yusupov, O‘shdagi "Adolat - haqiqat" inson huquqlari markazi rahbari Ravshan Gapirov va boshqa bir qator arbob va faollar imzo chekishgan.

"Siz BMT sammitida aytganingizdek, faqat o‘z vaqtida o‘tkazilgan xolisona va mustaqil xalqaro tergovlargina, hamda xalqaro hamjamiyatning qat‘iy printsipial mavqei qirg‘izlar va o‘zbek ozchiligi o‘rtasidagi yarashuvga yo‘l ochishi mumkin. Ammo millatchilik va shovinizm kuch bilan rag‘batlantirilayotgan bugungi Qirg‘izistonda yana mojaro kelib chiqishi ehtimoli bor," - deyiladi murojaatda.

Maktub mualliflari etnik o‘zbeklar orasidagi yirik talofat va uy-joylarning yonib ketishi "rasmiy Bishkekning ruxsati" bilan amalga oshirilganiga ishonadilar.

"Asrlar osha ajdodlarimiz qo‘li bilan qurilgan O‘sh bir necha kunlik qaroqchilik va vayronagarchilikdan so‘ng xarobalarga aylandi. Natijada, eng kamtar ko‘rsatkichlarga ko‘ra, ikki mingdan oshiq inson o‘ldirilgan, chavaqlangan va yoqib yuborilgan. Talofat orasidagi begunoh qariyalar, ayollar va bolalar bor edi," - deb yozilgan murojaatda.

Murojaatnomada O‘sh va Jaloloboddagi zo‘ravonliklar yakun topishi bilan o‘zbek aholisiga qarshi "tozalashlar"ning ikkinchi bosqichi boshlangani aytiladi.

"O‘zbek aholisi vakillarining noqonuniy qo‘lga olinishi to‘xtamayapti, ularga qarshi iyunь voqealarida tartibsizliklar va qotilliklarni uyushtirish kabi soxta ayblar qo‘yilmoqda, etnik o‘zbeklarning uylariga huquq-tartibot organlari tomonidan bosqinchi hujumlar uyushtirilishi oddiy holga aylangan."