Domodedovo hujumi qurbonlari xotirasiga marosimlar o‘tkazilmoqda

Image caption Moskvaning uch aeroportida tekshiruvlar kuchaytirilgan

Moskvaning Domodedovo aeroportida dushanba kuni yuz bergan portlashda halok bo‘lganlarning barining shaxsi aniqlangan.

Rossiyaning Favqulodda Holatlar Vazirligi hujumning 34 qurboni shaxsi ularning qarindosh-urug‘lari tomonidan tasdiqlangani, va oxirgi qurbon - Britaniya fuqarosini hujjatlari orqali aniqlashganini bildirdi.

Moskva shahri va viloyatida e‘lon qilingan motam kuni munosabati bilan milliy bayroqlar tushirilgan. Telekanal, radiostantsiyalar va madaniyat uyushmalariga barcha ko‘ngilochar dasturlar va tadbirlarni bekor qilish tavsiya etilgan.

Moskvaning pravoslav cherkovlarida portlashlar qurbonlari xotirasiga ibodat qilinmoqda.

Poytaxtdagi masjidlar va sinagoglarda ham xotira marosimlari bo‘lib o‘tadi.

Domodedovo aeroportida soat Moskva vaqti bilan 15:00da xotira marosimi o‘tkaziladi.

Ayni damda bomba hujumi bilan bog‘liqlikda Rossiya Prezidenti Dmitriy Medvedev o‘zining Davosdagi iqtisodiy forumga safarini qisqartirgan.

Medevedev Davosga chorshanba kuni tushda kelib, kechqurun Moskvaga qaytishi kutiladi.

Bomba hujumi dushanba kuni Domodedovo aeroportining xalqaro reyslarni qabul qilish zalida mahalliy vaqt bilan 16:30da amalga oshirilgandi. Unda 35 kishi halok bo‘lgan, 180 nafari jarohat olgan.

Qurbonlar orasida bir O‘zbekiston fuqarosi va bir qator markaziy osiyoliklar bo‘lishgan.

Ayni damda Moskva kasalxonalarida 111 kishi tibbiy muolaja olmoqda.

V nastoyashchiy moment v moskovskix bolьnitsax ostayutsya 111 ranenыx.

Tergovchilarga ko‘ra, portlashni xudkush hujumchi amalga oshirgan.

Rossiya Tergov Qo‘mitasining voizi Vladimir Markinning aytishicha, hujumda Shimoliy Qofqoz jangarilarining qo‘li borligiga ishoralar bor.