Misrda millionlik namoyishlarga hozirlik ko‘rilmoqda

Фото муаллифлик ҳуқуқи Getty Images
Image caption Misr armiyasi namoyishchilarga qarshi kuch qo‘llamasligini aytgan

Qohirada minglab odamlar Prezident Husni Muborakni qudratdan ag‘darishga qaratilgan yirik ommaviy namoyishlarga to‘planishmoqda.

Tashkilotchilar bir million kishi ko‘chalarga chiqishiga umid qilishgan. Bu shu paytgacha kuzatilgan eng yirik norozilik chiqishlari bo‘lishi kutilmoqda.

Ommaviy yurishlar Misrning ikkinchi yirik shahri Aleksandriya shahrida ham rejalangan.

Misrning qudratli armiyasi namoyishchilarga qarshi kuch ishlatmaslikka so‘z bergan.

Ayni paytda yangi Vitse-prezident Umar Sulaymon konstitutsiyaviy islohotlar borasida Misr partiyalari bilan muzokaralar olib borishini aytgan.

Husni Muborak dushanba kuni norozilik namoyishchilarni tinchlantirish maqsadida mamlakat vazirlar mahkamasini qaytadan tayinlagandi.

Ammo, armiyaning bayonoti Prezident Muborak uchun yirik zarba bo‘ldi.

Qohiradagi Bi-bi-sining Yaqin Sharq bo‘yicha muharriri Jeremi Bovenning aytishicha, Misrga o‘zgarishlar kelayotgani borgan sari kuchliroq his qilinmoqda.

Unga ko‘ra, juda tez muddatda juda ko‘p narsalar yuz berdi va endi oldingi hayotga qaytish qiyin.

Bir hafta muqaddam norozilik namoyishlari boshlanganidan beri mamlakat bo‘ylab kamida 100 kishi nobud bo‘lgan.

Oxirgi xabarlarga ko‘ra, Qohira aeroportidagi Bi-bi-si muxbiriga ko‘ra, Misrga kelayotgan jurnalistlarning asbob - uskunalari musodara qilinmoqda.

Bosimlar

AQSh maxsus vakili Frank Visner Husni Muborak bilan uchrashish uchun Misrga kelgan. U Prezident Muborakka Vashington mamlakatda haqiqiy o‘zgarishlar bo‘lishi kerak degan fikrda ekanini aytadi.

Hozir Vashingtonda janob Muborak ketishi kerak degan o‘ta kuchli qarash mavjud. Ammo, muxbirimizga ko‘ra, Prezident Obama buni oshkor aytish teskari natija berishi mumkinligiga ishonadi.

Misrdagi inson huquqlari guruhlari janob Muborakni iste‘fo berishga chaqirishmoqda.