Tunisda Islomga munosabat 25 yil muqaddam u yerga kelin bo‘lib borgan o‘zbekistonlik nazarida

Surayyo Belhaj Фото муаллифлик ҳуқуқи none
Image caption Surayyo Belhaj Tunisga 25 yil muqaddam kelin bo‘lib tushgan

Tunisdagi vaziyat so‘nggi ziddiyatlar ortidan o‘z iziga tushayotgandek ko‘rinadi. Bu qadar tarixiy hodisalarning guvohi bo‘lishimni tasavvur ham qilmagandim. Mening Tunisga kelin bo‘lib tushganimga yigirma besh yil to‘ldi. 1985 yilda o‘zimga, jasoratimga qoyil qolgandim. Xuddi chuqurligini bilmay turib, suvga o‘zimni tashlagandek his qilganman. Biroq, xotirjam edim, chunki besh yil mobaynida men bo‘lajak turmush o‘rtog‘imni yaxshi bilib oldim, uning dunyo qarashlari, fikrlari, hattoki kiyinish usullari menga mos edi. Lekin, baribir, ichim kichik bo‘lsa-da, shubhalardan holi emas edi.

"Har holda musulmonlar yurti kim bilsin, haqiqatda qanday urf-odatlarga ro‘baru kelarkanman", degan fikr xayolimdan o‘tardi.

Tunis aeroportidan mashinamiz chiqib ketarkan, men ko‘zimni ochib, poytaxtning obod ko‘chalari, zamonaviy kiyingan ayollariyu qizlarga tikilib qaraganman.

Yangi oilamda, men shunga e‘tibor berdimki, faqat qaynonam va qaynotam namoz o‘qirdilar. Turmush o‘rtog‘im, uning opasi va opasining eri hech qanday ibodat qilmaganlar. Lekin, bu namoz o‘qimasang, Xudoga ishonmaysan degan narsani anglatmagan.

O‘zbekistonda Sho‘rolar davrida "Xudo bormi?" degan savoldan faqat keksa buving xafa bo‘lishi mumkin edi. Bu yerda esa, bunday deyish odamlarni dahshatga solishi mumkin edi. Tunisliklar uchun din muqaddas va unga shak keltirish mumkin emas.

Tunisda dinga nisbatan erkinlik bor degan fikrga keldim. Biroq, shunga qaramay, odamlar yigirma besh yil oldin diniy mavzularda kam gaplashishgan. Masjidlarning aksari bo‘m-bo‘sh edi. Keksalardan boshqa odamlar kam borishardi u yerlarga.

Фото муаллифлик ҳуқуқи none

1985-1986 yillarda "ENNAHDHA" Islomiy partiyasi hukumatga qarshi maxfiy faoliyat yurgizishga harakat qilgan. U paytdagi birinchi Prezident Habib Burgibaning hukumati islomchilarga qarshi kurash olib borgan. Islomga Tunisda rasman taqiq bo‘lmagan. Ammo, rasmiylar islomchilarning davlat ishlariga aralashmasliklarini istashardi.

1987 yili ikkinchi prezident Ben Ali hukumatga kelgan paytda u barcha partiyalar uchun "demokratik " saylovlarni o‘tkazgandi.

O‘shanda "ENNAHDHA" ovozlarning qariyb 18 foizini qo‘lga kiritgandi. Lekin, Ben Ali o‘z siyosiy raqiblaridan sekin-asta qutilish yo‘llarini ko‘ra boshladi. Mamlakatni tark etib, qochib ketishga ulgurmagan rahbarlarni qamoqxonalarda chiritdi.

Biroq, oddiy odamlar bu partiyani o‘tmishda ham, hozirda ham u qadar ko‘p xush ko‘rmagan, degan fikrdaman. Chunki, Tunis jamiyatida emansipatsiya, ya‘ni xotin-qizlarni erkinlikka chiqarish jarayoni o‘ta chuqur ildiz otgandi va hech kim o‘rta asrlarga qaytishni xohlamagan.

90 - yillarda dinga qiziqish kuchayib, atrofdagi odamlar din va ibodat haqida ko‘proq gapira boshlaganlarini sezdim. Boshi o‘ralgan ayollar soni ko‘payib borardi. Va buni ko‘proq yosh ayollar orasida sezsa bo‘lardi. Biroq, dinga qiziqish 2000 - yilga kelib eng yuqori nuqtaga chiqdi, desak bo‘ladi. Men maktab o‘quvchilari va universitet talabalarining birdaniga ro‘mol o‘ray boshlaganlariga guvoh bo‘ldim.

O‘tmishda kalta yubkalaru cho‘milish kiyimlarini kiyib yurgan tanishlarimning qizlari endi boshlaridan oyoqlarigacha o‘ranib olishgandi. Ularga qarab, ishlaydigan ayollar ham, o‘qituvchilar, litsey professorlari ham boshlariga ro‘mol o‘rashni boshlashgan.

Men bu o‘zgarishlarni tushunishga harakat qilganman. Lekin, ateistik tarbiya olganim tufayli bo‘lsa kerak, buning mohiyatini anglab yetolmaganman. Misol uchun, yigirma yil oldin, to‘yga borganingizda, yuz nafar ayol ichida faqat bir mehmonning ro‘mol o‘raganini ko‘rardingiz. Hozirda esa, yaqinda to‘yga borganimda guvoh bo‘ldim, ellik nafar hijobli orasida ikki va uch nafargina o‘ranmagan ayol bor edi.

Men uchun bu paradoks, ya‘ni sog‘lom aqlga zid edi. Tunis barcha arab mamlakatlari orasida ayollarning huquqlari teng ta‘minlangani bilan ajralib turadi, ham ijtimoiy va ham huquqiy sohada.

1957 yilda birinchi prezident Habib Burgiba "sefseri"ni (Tunis ayollar boshlaridan oyoqlarigacha o‘ranib oladigan hijobni) "dahshatli jirkanch latta" deb atagandi. U: "Tunis ayollarning yuzi ochiq havoda bo‘lishi kerak, ular erkin nafas olishi va erkin yashash huquqiga ega bo‘lishlari kerak", deb aytgan.

Keyinchalik, Ben Ali hukumati ommaviy joylarda ayollar hijob o‘rab yurishlarini ta‘qiqlamagan bo‘lsa-da, rasmiy idoralarda ular muammolarga duch kelishgan.

Konstitutsiyada hijob taqiqlanmagan. Lekin, islomchilarning siyosatga qaytib kelishidan qo‘rqqan Ben Ali ularga qarshi shunaqa yo‘llar orqali kurashgan.

Фото муаллифлик ҳуқуқи none

Mahallamizdan bir necha o‘quvchi qizlarni maktablardan haydashgandi. Boshqa tarafdan, Saudiya Arabistoniga haj safari boruvchilar soni ko‘paygani bois aksar ayollar va erkaklar namoz o‘qishni boshlaganlar. Yaqinda men "Halqa" degan ayollar "gapi"ga bordim. U yerda suhbat faqat din haqida edi. Ya‘ni, "Olloh bunday degan, Olloh unday degan" qabilada.

Juma kunlari masjidlar nomozxonlarga to‘lib ketadi. Ramazon oyida hamma ibodat bilan shug‘ullanib, so‘kinish va ichishdan o‘zlarini tortishga harakat qiladilar. Boshqa tomondan esa, aynan ro‘za kunlari ba‘zi mehmonxonalarda erkaklar chilim chekishadi, hatto spirtli ichimlik iste‘mol qilish uchun to‘planish hollari ham bo‘ladi.

Nazarimda, dinga qiziqish ortib borayotganini ikki sabab bilan tushuntirish mumkin. Sun‘iy yo‘ldosh telekanallari orqali tunisliklarning xonadonlariga Yaqin Sharq bilan yaqinroq muloqotni kirib keldi. Arabzabon kanallar ta‘siri, xususan, "Iqraa" diniy kanali tomoshabinlarga juda katta ta‘sir qila boshladi. Ulardagi arab barnomalarini olib boruvchi ayollar kiyimi juda chiroyli bo‘lgani ham qandaydir o‘ziga xos ta‘sir ko‘rsatdi.

Misol uchun, 20 yil oldin, bunday turfa xil hijoblarni ko‘rmagan bo‘lardingiz.

Men hali tilga olgan "Halqa"dagi ayollar Saudiya Arabistonidan juda chiroyli hijob olib kelganlari borasida so‘zlashayotganlarini eshitdim.

Va yosh ayollardan biri yaqinda "Iqraa" telekanalida ro‘mol o‘ragan qizlarning yuzlari yanada chiroyliroq ko‘rinadi, chunki, ro‘mol yuzning tuzilishini bo‘rttirib ko‘rsatadi, deyishgan ekan.

Ikkinchi sabab, nazarimda, bu - arablarning g‘ururlari toptalgani. Ikki Iroq urushi, tinib-tinchimayotgan Falastin va G‘arbga qarshi arab mamlakatlarining birlasha olmasligi, o‘zaro til topa bilmasliklari dinga qaytishlariga turtki bo‘lgan. Ular uchun, din bir ma‘noda o‘zlikni ifodalagan, yo‘qolgan ahloqiy qadriyatlarga qaytishni anglatgan.

Biroq, shu bilan birga, Tunisdagi inqilobning Islom diniga aloqasi yo‘q deb o‘ylayman. Tunisliklar hamisha Xudoga ishongan va ishonadilar.

Men ayollardan diniy partiyalarning qaytib kelishlari, hukumatni boshqarish ehtimoliga qanday qaraysiz, deb so‘raganimda, hijobga kirgan ayollar go‘yo bir ovozda: "Astag‘furulloh, Xudo ko‘rsatmasin", deya javob berardilar.