Misrda muzokaralar namoyishlarni to‘xtata olmadi

Фото муаллифлик ҳуқуқи BBC World Service
Image caption Muzokaralar muvaffaqiyatga erishmagach, namoyishlar tun osha ham davom etdi

Misrdagi siyosiy inqirozni yechish yo‘lida hukumat va muxolifat guruhlari o‘rtasida o‘tgan muzokaralar Qohira markazidagi namoyishlarni to‘xtata olmadi.

Qohiraning Tahrir maydonini ikki haftadirki egallab turgan olomon Prezident Husni Muborak iste‘fo bermaguncha maydondan ketmasliklarini aytishmoqda.

Hukumat yakshanba kuni bo‘lib o‘tgan muzokaralarda bir qator yonbosishlarni taklif qilgan, ammo muxolifat ularni yetarli deb hisoblamagan.

Vitse-prezident Umar Sulaymon boshqargan muzokaralarda olti guruh, xususan yoshlar tashkilotlari koalitsiyasi, "donolar" guruhi va "Musulmon Birodarlar" ishtirok etgan.

Bu "Musulmon Birodarlarning" hukumat vakillari bilan ilk muzokarasi bo‘ldi.

Misr davlat televideniyesi tomonlar konstitutsiyaviy o‘zgarishlarni ishlab chiquvchi qo‘shma qo‘mita tuzishga kelishib olishganini xabar qildi.

Biroq, muxolifat rahbarlari hukumatning takliflariga ishonchsizlik bilan qarashayotganini bildirishdi va hukumat takliflari yetarli emasligini aytishdi.

"Musulmon Birodarlar" endi faqatgina Prezident Muborak iste‘fo bersa, parlament tarqatilsa va siyosiy mahbuslar ozod etilsagina hukumat bilan qayta muzokaralarga kirishini e‘lon qildi.

Birodarlarning yuqori darajali a‘zosi Essam al Erian hukumat muxolifatning ba‘zi talablariga javob bergani, ammo bu xo‘jako‘rsinga qilinganini aytdi.

Uchrashuvda ishtirok etmagan, ammo janob Sulaymon bilan uchrashish uchun o‘z vakilini yo‘llagan muxolifatning yetakchi arbobi Muhammad al Baradaiy muzokaralar shaffof bo‘lmaganini aytgan.

Janob Baradaiy Misrni bir yil davomida uch a‘zolik prezidentlik kengashi boshqarishi va so‘ngra saylovlar bo‘lib o‘tishini taklif qildi.

Prezident Muborak iste‘foga chiqishdan bosh tortib kelmoqda. U o‘zining iste‘fosi ortidan mamlakatda boshboshdoqlik yuzaga kelishidan xavotirda ekanini aytgan.

Janob Muborak sentyabrda bo‘lib o‘tishi mo‘ljallangan prezidentlik saylovigacha lavozimda qolishni istashini va o‘z nomzodini ilgari surish niyati yo‘qligini bildirgan.

Biroq, AQSh Prezidenti Barak Obama "tartibli o‘zgarish" hozirning o‘zidayoq boshlanishi kerakligi haqida gapirdi.

Yakshanba kuni Fox kanaliga bergan intervьyusida u misrliklar ozodlik, hamda erkin va adolatli saylovlarni istashayotganini aytdi.

"Musulmon Birodarlar" haqida gapirar ekan, janob Obama ular muxolifat orasidagi guruhlardan biri ekani va aksar misrliklar dastagiga ega emasliklariga ishora qildi.