Misr Prezidenti Husni Muborak va uning oilasi neqadar badavlat?

Image caption Muborak oilasi Misrning o‘ta rivojlangan turizm biznesidan ko‘p foyda ko‘radi

Misr Prezidenti Husni Muborak va uning oilasi o‘ttiz yillik boshqaruv davrida ulkan boylik to‘plagani aytiladi.

Ammo, Bi-bi-sining biznes muxbiri Mark Gregorining aytishicha, Muborak oilasining aslida neqadar badavlat ekanini aniq baholash qiyin.

AQShdagi Ey-Bi-Si telekanali Muborak oilasi to‘plagan boylik 70 milliard dollarga yetishi haqidagi hisobotni berdi.

Keyin boshqa matbuot vositalari ham ushbu raqamni ilib olishdi.

Shu asno Misr prezidenti oilasi mana shuncha boylikka ega degan xabar dunyo bo‘ylab tarqaldi.

Agar Muborak xonadonining rostdan ham 70 milliard dollar puli bo‘lsa, demak ular dunyoning eng badavlat odamlari - meksikalik Karlos Slim va Bil Geytsning boyliklarini birga qo‘shganda ham ulardan boyroq bo‘lib chiqishadi.

Chunki Forbs jurnali hisob-kitoblari bo‘yicha bu ikki odam jahonning eng badavlat insonlaridir.

Lekin, ularning har biri ishlab topgan boylik 35 milliard dollar atrofida.

Xullas, Muboraklar oilasi bu darajada boylik yiqqanga o‘xshamaydi. Ammo, baribir, Misr prezidenti oilasi juda badavlat bo‘lishi mumkin.

Muboraklar xonadoni Amerikaning Manhattan, Beverli Hills kabi po‘rim bo‘lgalarida, Londonning eng qimmatbaho Belgraviya mavzesida ko‘chmas mulklariga ega.

Misr prezidenti oilasi Britaniya va Shveytsariyadagi banklarda ham ko‘p miqdordagi pulni saqlashadi.

Ishonilishicha, Muboraklar oilasi Qizil dengizdagi sayyohlik majmualari va mehmonxonalarga katta miqdorda sarmoya kiritishgan.

O‘tgan 30 yil davomida Yaqin Sharqdagi eng aholisi katta mamlakatning eng qudratli odami bo‘lgan Husni Muborak, shaksiz, boylik yig‘ish uchun ulkan imkoniyatlarga ega edi.

Uning ikki o‘g‘li - Gamal va Al‘o esa Misr oliy tijorat doiralaridagi yirik shaxslar sanaladi.

Misrdagi norozilik namoyishlariga qadar esa o‘g‘li Gamal bo‘lg‘usi prezident sifatida ko‘rilardi.

Xullas, hali hamon Muboraklar qancha boylik to‘plagan degan savol bir qadar mavhum va uzuq-yuluq ko‘rinsa-da, yirik bir mamlakatni uzoq yil boshqargan oila ulkan boylik to‘plamaganiga juda ozchilik ishonsa kerak.