Tehronda politsiya muxolifatchi namoyishchilarga qarshi ko‘zdan yosh sizdiradigan gaz qo‘lladi

Tehronda politsiya taqiqlangan muxolifat yurishi ishtirokchilariga qarshi ko‘zdan yosh sizdiradigan gaz va maxsus bo‘yoqli o‘qlar otgan.

Muxolif tashkilotchilar o‘zlarining tadbirini "Tehron yurishi" deb atadilar.

Guvohlarga ko‘ra, Misr hamda Tunisdagi hodisalardan ilhomlangan muxolifat Tehronda ko‘p ming kishilik norozilik yurishi uyushtirganlar.

Politsiya ruxsat etilmagan marsh ishtirokchilarini tarqatish maqsadida ko‘zdan yosh oqizadigan gaz va maxsus bo‘yoqli o‘qlar otganlar.

Shohidlarning aytishicha, namoyishchilarning soni minglab kishini tashkil etgan.

Tehronliklar poytaxtning Hafti Tir xiyoboni, Karimxon shohko‘chasi, Firdavsiy xiyobonida olomon ko‘zga tashlanganini, Imom Husayn xiyobonidan Inqilob xiyoboniga yo‘l olgan namoyishchilarni ko‘rganlarini aytganlar.

Politsiya bilan namoyishchilar o‘rtasida to‘qnashuvlar yuz bergan.

Kermanshoh singari shaharlarda ham namoyishlar va politsiya bilan to‘qnashuvlar yuz bergani haqida xabarlar olingan.

Фото муаллифлик ҳуқуқи BBC USER

Rasmiylar Eronning ikki taniqli muxolifat liderining uyiga eltadigan yo‘llarni to‘sib qo‘yishgan.

Mir Husayn Musoviy va Mehdiy Karubiyni uy qamog‘ida saqlashga qaror qilingan.

Eron Muxolifatining Yashillar harakati Tunis va Misrdagi namoyishlarni dastaklab, miting o‘tkazish niyatida ekanini e‘lon qilgandi.

Biroq bunga ruxsat berilmagan.

Mas‘ullar poytaxt Tehronda xavfsizlik choralarini kuchaytirishgan, internet sahifalarini yopib qo‘yishgan va sun‘iy yo‘ldosh orqali uzatiluvchi xabarlarni bo‘g‘ishni boshlashgan.

Eronda so‘nggi ommaviy norozilik namoyishlari 2009 yildagi prezidentlik saylovlaridan keyin yuz bergan, ammo Prezident Mahmud Ahmadinejodni o‘rnidan siljita olmagan.

Dushanba kuni telefon aloqalari uzilgan.

Inson haqlarini himoya qilish tashkilotlariga ko‘ra, oxirgi kunlarda kamida 30 nafar dissident hibsga olingan.

Namoyishlarda qatnashmasliklari bilan ogohlantirib, Eron josuslik xizmati fuqarolarga maxsus xabarlar yo‘lladi.

Biroq o‘tgan kunlar ichida kichikroq namoyishlar uyushtirilganiga oid xabarlar bor.

Yakshanba kuni Tehronning bir qancha mavze‘larida odamlar tomlarga chiqib olib, hukumatga qarshi shiorlarni aytishgan.

Dushanba kuni tongda boshiga yashil ro‘mol tang‘ib olgan kishi Tehron markazidagi kranning tepasiga chiqib olgan.

U odamlarni namoyishga chaqirgan.

Politsiya esa uni pastga tushirib, hibsga olgan.