Liviya rahbarining o‘g‘li fuqarolar urushi haqida ogohlantirdi

Фото муаллифлик ҳуқуқи Getty
Image caption Sayf al-Islom Qaddofiy Liviya fuqarolar urushi bo‘sag‘asida turganini aytadi

Liviya rahbari Muammar Qaddofiyning o‘g‘li Sayf al-Islom mamlakatda fuqarolar urushi yuz berishi mumkinligidan ogohlantirdi.

U bu haqda mamlakat xalqiga qilgan televizion murojaatida bildirdi.

Ayni damda hukumatga qarshi noroziliklar Liviya poytaxti – Tripolida ham boshlangan.

Namoyishchilarni tanqid qilish barobarida Sayf al-Islom mamlakatda muhim siyosiy islohotlar o‘tkazishga va‘da berdi.

U politsiya va armiya "xatolar"ga yo‘l qo‘yganini e‘tirof etdi, ammo o‘lganlar soni xabar qilinganidan kamroq ekanini aytdi.

Sayf al-Islomning aytishicha, muxolifat guruhlari va ajnabiylar Liviyani kichik davlatchalarga bo‘lib tashlashga urinmoqdalar.

Agar ular bunga muvaffaq bo‘lsalar, dedi Liviya rahbarining o‘g‘li, xorijiy sarmoyalar to‘xtaydi va yashash darajasi keskin tushib ketadi.

U, shuningdek, xorijiy matbuotni ham "Liviyadagi zo‘ravonliklarni bo‘rttirish"da aybladi.

Avvalroq polkovnik Qaddofiyning Liviyadan qochgani haqidagi xabarlarning tarqalishi ortidan odamlar Tripoli ko‘chalariga bayram qilgani chiqqan edilar.

Ammo Sayf al-Islom davlat televideniyesi orqali qilgan chiqishida otasi Liviyada ekani va "kurashga rahbarlik qilayotgani"ni aytdi.

Dushanba kuni ertalab poytaxt Tripolida otishma ovozlari eshitilsa-da, markaziy ko‘chalar sokin ko‘rinardi.

Guvohlarga ko‘ra, yakshanba kuni kechqurun xavfsizlik kuchlari namoyishchilarga qarshi ko‘zdan yosh sizdiruvchi gaz va haqiqiy o‘qlarni ishlatgan.

Mavhumlik

Tasdiqlanmagan xabarlarda aytilishicha, Beng‘ozi va Tripoli shaharlarida namoyishlarni bostirish uchun afrikalik yollanma jangchilar joylashtirilmoqda.

Sayf al-Islom Qaddofiy chiqishi efirga uzatilishidan bir necha soat oldin Tripolida olomonning rejimni ag‘darishga chaqirib, shiorlar aytgani eshitilgan.

Hukumat internet va telefon aloqalarini uzib qo‘ygani uchun ma‘lumotlarni aniqlash qiyin bo‘lmoqda, ammo ishonchga loyiq xabarlarga ko‘ra, Tripolida bir politsiya idorasi yokib yuborilgan va mamlakatning iqtidordagi partiyasiga qarashli bo‘lgan binoga hujum qilingan.

Guvohlar so‘zlariga ko‘ra, xavfsizlik kuchlari Tripolining Gurgi mintaqasida ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va haqiqiy o‘klarni ishlatgan, ammo qurbonlar haqida aniq ma‘lumotlar yo‘q.

Ba‘zilari pichoqlar, ba‘zilari o‘t ochar qurollarga ega yuzlab liviyaliklar Tripolida Janubiy Koreya barpo etayotgan qurilish inshootiga hujum qildilar, deb aytgan o‘z ismini oshkor etmagan Janubiy Koreya Tashqi ishlar vazirligi xodimi Reyter agentligi bilan suhbatda.

O‘rtada chiqqan janjalda inshootda ishlayotgan kamida uch koreyalik va 15 bangladeshlik jarohat olgan.

Bir necha kun davom etgan tartibsizliklar ortidan ikkinchi yirik shahar Beng‘ozining ko‘plab mintaqalari namoyishchilar nazoratiga o‘tgan ko‘rinadi.

Beng‘ozidan kelayotgan tasdiqlanmagan xabarlarga ko‘ra, u yerda armiya generali muxolifat tomoniga o‘tgan.

Shahardagi shifoxonalar yaradorlarni davolashga ulgurmayotir.

Bir shifoxona doktoriga ko‘ra, yakshanba kuni tushlikdan keyin u 50 jasadni qabul qilib olgan.

Tobruk, al-Bayda va Misrata shaharlarida ham namoyishlar boshlangani xabar qilinadi.

Liviyadagi eng yirik Varfla qabilasining namoyishchilar tarafiga o‘tgani polkovnik Qaddofiy rejimiga jiddiy zarba sifatida ko‘rilmoqda.

Arab Ligasidagi Liviya vakili, Abdel Muniym al-Xoniy, "inqilobga qo‘shilayotganini" e‘lon qilgan, Hindistondagi elchi Ali al-Essaviy esa BBCga hukumat namoyishlarni kuch bilan bostirishga uringaniga e‘tirozan iste‘foga chiqqanini aytgan.

"Piyanista va kallakesarlar" O‘z televizion chiqishida Sayf al-Islom Qaddofiy Beng‘ozi ko‘chalariga chiqqan odamlarni "piyanista va kallakesarlar" deb atagan.

"Liviya Tunis yoki Misr emas," deya ogohlantirgan Sayf al-Islom Qaddofiy.

U xorijda yashayotgan "muxolifat elementlari"ni Misrdagi singari inqilobni o‘ylab chiqishga urinayotganlikda ayblagan va xavfsizlik kuchlari "fitnasini bartaraf etdi" deb aytgan.

Uning aytishicha, fuqaroviy tartibsizliklarda vaziyatni qanday nazorat etish bo‘yicha ta‘lim ko‘rmagan harbiylar namoyishchilarni o‘qqa tutgan.

Sayf al-Islomning ogohlantirishicha, agar Liviyada fuqarolar urushi boshlansa, "yuz minglab qurbonlar bo‘ladi" va mamlakat "kolonial o‘tmishga qaytadi".

Polkovnik Muammar Qaddofiy neftga boy Liviyani 1969 yildan buyon idora etib keladi.