Yamanda Tojikistonlik shifokor o‘g‘irlab ketildi

Фото муаллифлик ҳуқуқи none
Image caption O‘g‘irlab ketilgan Tojikistonlik fuqaroning Shabva viloyatida ishlagani aytilmoqda.

Sanodagi Rossiya elchixonasi matbuot kotibi Aydar Tuygunovga ko‘ra, Yamanda shifokor bo‘lib ishlayotgan Tojikiston fuqarosi o‘g‘irlab ketilgan.

Hodisa dushanba kuni kechqurun Shabva viloyati markazida ro‘y bergan.

Elchixona vakilining aytishicha, Tojikiston fuqarosi Rossiyaning "Texnostroyeksport" shirkati orqali tuzilgan kontrakt asosida jarroh bo‘lib ishlab kelgan.

Ba‘zi xabar agentliklari o‘g‘irlab ketilgan shaxsning O‘zbekistonlik ekani, yana boshqalar esa Rossiya fuqarosi ekanligini xabar berishgandi, lekin Rossiya elchixonasi qo‘lida bor ma‘lumotlarga asoslanib, uning Tojikiston fuqarosi ekanligini ta‘kidladi.

Rossiya elchixonasi o‘g‘irlab ketilgan Tojikistonlikni ozod qilishga yordam berishni so‘rab Yaman Tashqi Ishlar vazirligi va tegishli muassasalarga rasmiy nota jo‘natgan.

Hozirda uni ozod qilish yo‘lida Yaman Sog‘liqni saqlash vazirligi ishtirokida muzokaralar olib borilayotgan ekan.

Rossiya elchixonasi vakili shifokorni o‘g‘irlab ketgan shaxslarning talablari qanday ekanligidan bexabar ekanligini aytdi, lekin dastlabki ma‘lumotlarga ko‘ra, bu ish ortida mahalliy qabilalar turganligi taxmin qilinmoqda.

"Reuters" xabar agentligining Shabvadagi qabilalar vakillariga tayanib xabar berishicha, ular 2009 yili dekabr oyida hukumat kuchlari tomonidan amalga oshirilgan hujumda aybdorlarni javobgarlikka tortishga erishish maqsadida shifokorni o‘g‘irlaganlar.

Ushbu hujum oqibatida tinch aholi vakillaridan bir necha o‘n kishi halok bo‘lgani aytiladi.

Yaman hukumati AQSh qo‘llovi bilan bir necha yildan beri Yamanda boshpana topgan, deya ishonilgan "Al-Qoida" guruhlariga qarshi amaliyotlarni amalga oshirib kelmoqda.

Qabila vakilining " Reuters" agentligiga aytishicha, shifokorni ishlayotgan kasalxonasidan jarohatlangan shaxsga yordam berishini so‘rab, aldab olib chiqqanlar va shundan so‘ng qo‘shni Abyan viloyatiga olib ketganlar.

"Amnesty International" xalqaro tashkilotiga ko‘ra, 2009 yilgi havo hujumi oqibatida mahalliy aholidan 41 kishi halok bo‘lgan, ulardan yarmi yosh bolalar edi.

Sanodagi Rossiya elchixonasiga ko‘ra, Yamanda xorij fuqarolarini o‘g‘irlab ketib, turli talablarni qo‘yish tez-tez ro‘y berib turadi.

Yamanda sobiq Ittifoq davlatlari, xususan Markaziy Osiyo davlatlaridan bo‘lgan ko‘plab mutaxassilar ishlashadi.

BBC bilan suhbatda bo‘lgan O‘zbekistonlik shifokorning aytishicha, Tojikiston va O‘zbekistonning o‘zidan taxminan besh ming kishi Yamanda ishlaydi.