'100 yildan keyin ham xotin-qizlar kamsitilishini bartaraf etishga erishib bo‘lmadi'

Фото муаллифлик ҳуқуқи AP

Dunyoning turli burchaklarida 8 Mart - Xalqaro Xotin-qizlar kuni yuzlab tadbirlar shaklida nishonlandi.

Bu yil ayollar bayramining 100 yilligi bayram qilindi.

8 Mart - xotin-qizlarning iqtisodiy, siyosiy hamda ijtimoiy sohalarda qo‘lga kiritgan yutuqlarini nishonlanadigan global kun.

Rossiya, Ukraina va sobiq Sho‘rolar respublikalarining bir nechtasida 8 Mart mamlakat miqyosdagi bayram sifatida nishonlanadi va bu kun hordiq kuni deb e‘lon qilingan.

Ilk Xalqaro Xotin-qizlar kuni 1911 yilda nishonlangan edi.

O‘sha davrda ayollarga nisbatan tahqirlashlar keng tarqalgan, bunday muomalaga qarshi bir milliondan ortiq ayollar va erkaklar Avstriya, Daniya, Olmoniya va Shveytsariya ko‘chalariga norozilik namoyishiga chiqishgan.

O‘shanda bu kunni namoyishchilar Xalqaro Ishchi Ayollar kuni deb atashgan edi.

Ularning maqsadi xotin-qizlarning ishlash huquqi ta‘minlanishi, ayollar saylovlarda qatnashib ovoz berish huquqiga ega bo‘lishlari, tayyorgarliklardan o‘tib, davlat idoralarida ishlashlariga ruxsat berilishiga erishish bo‘lgan.

8 Martni nishonlash Ovro‘poning sharqiy qismida, Rossiya va Sho‘rolar ittifoqi mamlakatlarida ommalashdi va butun dunyoga yoyildi.

Ammo dunyoda bugungi kunga kelib ham xotin-qizlarning teng huquqligini ta‘minlash kampaniyalarini davom ettirishga to‘g‘ri kelayotir.