Liviya uzra taqiqlangan hudud yaratish ustida ishlanmoqda

Фото муаллифлик ҳуқуқи Getty
Image caption Polkovnik Qaddofiyga sodiq kuchlar isyonchilarga qarshi hujumlarini davom ettirayapti

Xalqaro hamjamiyat Muammar Qaddofiy tomonidan isyonkorlar nazorati ostidagi mintaqalarga havo hujumlari uyushtirilishiga javob sifatida Liviya uzra uchish taqiqlangan hudud yaratish rejasini ustida ishlamoqda.

Mazkur masala bo‘yicha BMT rezolyutsiyasini Britaniya va Frantsiya ishlab chiqmoqda.

Liviya ustidan parvoz taqiqlangan hudud yaratish masalasi payshanba kuni NATO mudofaa vazirlari tarafidan muhokama etiladi.

Fors ko‘rfazi davlatlari allaqachon ushbu g‘oyaga dastak bildirishgan.

Ammo, BBCning BMTdagi muxbiri Barbara Plettning xabar qilishicha, BMT ayni masalada xalqaro hamjamiyat hali bir to‘xtamga kela olmayotganini aytmoqda.

Ayni paytda polkovnik Qaddofiyga sodiq kuchlar isyonchilarga qarshi hujumlarni amalga oshirishmoqda.

Diplomatik qadamlar

Liviya uzra uchish taqiqlangan hudud yaratish rejasini qo‘llab-quvvatlashini bildirgan Fors ko‘rfazi davlatlari Arab Ligasining favqulodda yig‘inini chaqirishgan.

Ular Liviya hukumati qo‘shinlarining tinch aholiga qarshi kuch qo‘llashlarini qoralab chiqishgan.

Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vaziri Uilьyam Heyg "hamkorlari bilan parvoz taqiqlangan hudud yaratishga oid rezolyutsiya bandlari ustida" ishlayotganlarini bildirgan.

Ammo, u Arab va Afrika davlatlari, shu bilan birga Qo‘shma Shtatlar hamda NATOning dastagi o‘ta muhim ekani, bu qadam BMT rezolyutsiyasi qonuniyligini ta‘minlash uchun kerakligini ta‘kidlagan.

NATO Bosh kotibi Anders Fog Rassmusen ham har qanday uchish taqiqlangan hudud yaratish uchun BMTning rasmiy dastagi lozimligini urg‘ulagan.

"Agar Qaddofiy va uning tuzumi o‘z xalqiga hujumlarini davom ettiraversa, xalqaro hamjamiyat va Birlashgan Millatlar Tashkiloti qo‘l qovushtirib o‘tirishlarini tasavvur qila olmayman", deb aytgan Rassmusen janoblari.

Dushanba kuni Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘z fuqarolariga qarshi zo‘ravonlik qo‘llayotgan Liviya hukumatiga qarshi harbiy kuch qo‘llash masalasini ittifoqchilar bilan hamon ko‘rib chiqayotganini aytgan.

Oq Uy voizi Jey Karney isyonkor guruhlarni qurollantirish masalasi muhokama mavzularidan biri ekanini aytgan. Ammo, uning ta‘kidlashicha, Vashington hamon polkovnik Qaddafiyga qarshi guruhlarni o‘rganmoqda.

Qo‘shma Shtatlar Mudofaa vaziri Robert Geytsning bildirishicha, Pentagon Prezident Obamaga qator harbiy tanlovlar taklifi bilan chiqqan.