Yaponiyada yuz bergan qattiq yer silkinishi tsunamiga sabab bo‘ldi

Фото муаллифлик ҳуқуқи AFP

Yaponiya shimoli-sharqida yirik zilzila ortidan kuzatilgan tsunami juda katta vayronagarchiliklarni keltirib chiqargan.

8.9 ballni tashkil etgan yer silkinishi Tokio doxil qator hududlarda yong‘inga ham sabab bo‘lgan va insonlar nobud bo‘lgani yuzasidan xavotirlar bor.

Zilzila epitsentri poytaxtdan 400 chaqirim uzoqda qariyb 32 kilometr chuqurlikda ekani aytiladi. Keyingi silkinishlar ham o‘ta kuchli kechgan.

Zilzila mahalliy vaqt bilan 14:46da ro‘y bergan. Seysmologlarning aytishicha, bu ko‘p yillardan beri Yaponiyada kuzatilayotgan eng yirik yer silkinishlaridan biridir.

Yaponiya Meteorologik tadqiqotlar markazi matbuot kotibi Hirofumi Yakoyama bu Yaponiyada qayd etilgan eng kuchli zilzila ekanini aytgan.

Rasmiylarning aytishlaricha, tsunami to‘lqinlari Yaponiyaning Miyagi va Fukushima prefekturalariga kelib urilgan.

Yaponiya televideniyesi to‘lqinlar avtomashinalar, kemalar va hatto binolarni oqizib ketayotganini ko‘rsatgan.

Zarar ko‘lamini aniqlash mushkul

Tokioda bitirish kechasi o‘tayotgan binoning tomi tushib ketishi oqibatida 20 kishi tan jarohati olgani haqida xabarlar bor.

Yer silkinishida hozirgacha 40dan ortiq odam halok bo‘lgani tasdiqlangan, biroq yetkazilgan zarar miqyosini hozirda aniqlash mushkul.

190 ga yaqin odamni eltayotgan kema oqib ketgani xabar qilinadi, kema taqdiri ma‘lum emas.

Sohil bo‘yida joylashgan eng yirik shahar - Senday va uning atrofidagi hududlarni tsunami to‘lqinlari yuvib o‘tgan, yirik hududlarga o‘t ketgan. Tokio yaqinidagi neft omborxonasida yirik yong‘in boshlangan.

Yaponiya shimolida tezyurar poyezdlar xizmati to‘xtatilgan, ayrim yadroviy quvvat inshootlari avtomatik ravishda yopilgan.

Bosh vazir Naoto Kan televizion murojaatida tabiiy ofatdan jabr ko‘rganlar oilalariga hamdardlik izhor qilgan va tsunami oqibatlarini barataraf etish uchun favqulodda amallarga qo‘l urilayotganini bildirgan.

"Biz halokatni bartaraf etish uchun maxsus markaz tashkil etdik. Zarar miqyosini iloji boricha kamaytirishga harakat qilamiz", deb aytgan Yaponiya Bosh vaziri.

Filippin, Indoneziya, Tayvan hamda Rossiyaning Tinch ummoni havzasidagi hududlari va Havai ham tsunamidan ogohlantirilgan.

Tsunami haqidagi ogohlantirishlar ortidan Rossiya Kuril orollaridan 11 ming odamni evakuatsiya qilgan.

Rossiya Prezidenti Dmitriy Medvedev Kuril orollari va Saxalinda favqulodda holat e‘lon qilgan.