Rossiya: Medvedev Putinni Liviya haqidagi so‘zlari uchun tanqid qildi

Image caption Liviya masalasi ikki rahbar o‘rtasidagi birinchi oshkora kelishmovchilikka sabab bo‘lgan

Prezident Medvedev Bosh vazir Putinni g‘arbning Liviyaga havo hujumlari haqida aytgan so‘zlari uchun tanqid qilgan.

Ikki arbob o‘rtasida birinchi marta yuz berayotgan oshkora kelishmovchilikda janob Medvedev Putinning "salb yurishi" iborasini qo‘llashi " "qabul qilib bo‘lmas" ekanini ta‘kidlagan.

Avvalroq Vladimir Putin g‘arb davlatlarining Liviyaga hujumlarini nasroniylarning salb yurishiga o‘xshatgan va BMTning Liviyadagi tinch fuqarolarni himoya qilishga qaratilgan rezolyutsiyasini ham tanqid qilgan edi.

Unga ko‘ra, Liviyadagi hukumat demokratik emas, ammo bu bilan xarbiy amaliyotni oqlab bo‘lmaydi.

Janob Putin shuningdek, boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashish AQSh tashqi siyosatidagi yo‘nalishga aylanganini aytgan.

Rossiyaning qanotli raketalar ishlab chiqaruvchi zavodida ishchilarga gapirgan Vladimir Putin "tinch fuqarolarni himoya qilish bahonasida tinch fuqarolar o‘ldirilmoqda. Mantiq qani?" degan.

Unga ko‘ra, Liviyaga hujum Rossiyaning mudofaa qudratini mustahkamalsha qarori qanchalik oqilona bo‘lganini ko‘rsatadi.

To‘g‘ri qadam

Rossiya xabar agentliklarining Prezident Medvedevdan iqtibos keltirishicha, Moskva BMT Xavfsizlik Kengashining Liviya borasidagi qarorini noto‘g‘ri deb hisoblamaydi.

Janob Medvedevga ko‘ra, shuning uchun ham Rossiya rezolyutsiyaga veto qo‘ymagan.

"Bugun biz nima qilayotganimizni tushunmagan edik, deyish noto‘g‘ri bo‘ladi, biz buni ongli ravishda qildik", deb aytgan Prezident Medvedev.

U Liviya borasidagi bayonotlarda maksimal ravishda aniq bo‘lish kerakligini ta‘kidlagan.

"Aksincha, degan u, - hammasi hozirgi vaziyatdan ham ko‘ra yomonroq oqibatga olib kelishi mumkin".

"Hech qanday holatda mohiyatan tamaddunlar to‘qnashuviga olib keladigan iboralarni ishlatmaslik kerak. "Salb yurishi" va hokazo qabilida. Bu qabul qilib bo‘lmasdir. Buni hech kim esidan chiqarmasligi kerak", - deb aytgan janob Medvedev.

Unga ko‘ra, Rossiya Liviyaga qarshi amaliyotlarda ishtirok etmaydi va muammoni muzokaralar yo‘li bilan yechish tarafdori.

Rossiya matbuoti Moskvaning Liviya borasidagi mavqeyi bir xil emasligiga e‘tibor qaratmoqda.

Ammo Kreml bu borada hech qanday ziddiyat yo‘qligini aytmoqda.