Alisher Usmonovning "Arsenal"dagi ulushlari yana ko‘paydi

Фото муаллифлик ҳуқуқи emirates stadium

Asli o‘zbekistonlik Rossiya milliarderi Alisher Usmonov Premьer-Ligadagi "Arsenal" futbol klubi aktsiyalar paketidagi o‘z ulushini ko‘paytirgan.

Alisher Usmonov hamda uning biznes sherigi Farhod Moshiriyga tegishli bo‘lgan sarmoya shirkati - Red & White Holdings bayonot e‘lon qilgan, bu bayonotda hissalar miqdori 26 foizdan "27 foizdan ziyod"roqqa oshirilgani ma‘lum qilingan.

Boshqa tafsilotlar oshkor etilmagan.

Assoshiyeyted Press axborot agentligi "Arsenal" futbol klubining eng ko‘p aktsiyalari hamon amerikalik biznesmen Stiv Kronke qo‘lida ekani haqida yozadi.

Stiv Kronke "Arsenal"ning 29 foizlik hissalari egasi hisoblanadi.

Stiv Kronkedan farqli o‘laroq, janob Usmonov klub direktorlari kengashining a‘zosi hisoblanmaydi.

"Arsenal"ning uchdan bir qismidan ko‘proq hissasiga sohiblik qilgan jismoniy yoki yuridik shaxs klub mutlaq nazoratini o‘z qo‘liga olish uchun qolgan hissadorlarga o‘z hissalarini sotishni rasman taklif etish huquqiga ega bo‘ladi.

Usmonov "Arsenal"ga hamsohiblik qilishni 2007 yilda boshlagandi.

U o‘shanda klubning qariyb 15 foiz hissasini 75 million funt-sterlingga sotib olgandi.

Red and White Holdings shirkati o‘z ulushini 2007 yil sentyabrida 23 foizga, 2008 yil fevralida 24, noyabr oyida esa 24,9 foizga yetkazgan edi.

2009 yil dekabrida "Arenal"dagi hissalar 25 foizdan oshirilgan.