'Ziddiyat va zo‘ravonliklar tufayli o‘z vatanida vatansiz qolganlar soni ortgan'

Image caption Hisobotda markaziy Osiyo davlatlari, xususan Qirg‘izistondagi o‘tgan yilgi zo‘ravonliklar oqibatida vatansiz qolgan minglab insonlar taqdiri haqida ham so‘z boradi

Qarorgohi Jenevada joylashgan o‘z yurtida qochqinga aylanganlarni kuzatish markaziga ko‘ra, vatanida ziddiyat va zo‘ravonliklar tufayli o‘z turar joylaridan mosuvo bo‘lgan insonlar soni ortgan.

Bugun ular qariyb o‘ttiz millionni tashkil etadi. O‘tgan o‘n yil ichida bu eng yuqori ko‘rsatkichdir.

Bu hisobotda markaziy Osiyo davlatlari, xususan Qirg‘izistondagi o‘tgan yilgi zo‘ravonliklar oqibatida vatansiz qolgan minglab insonlar taqdiri haqida ham so‘z boradi.

Hisobot insonni larzaga soladigan manzarani chizadi. O‘tgan o‘n yil ichida dunyo turfa ziddiyatlar ichida qolar ekan, o‘z vatanida vatansiz qolganlar soni o‘n milliondan ortiqroqqa ko‘paygan.

Butun boshli jamoalar o‘z vatanlarini tashlab chiqishga majbur bo‘lganlar. Hisobot mualliflaridan biri Elizabet Rasmusson Somalidagi janglar tufayli vatanida vatansiz qolganlarning o‘ta abgor holatlari urg‘uladi.

Fil suyagi Qirg‘og‘idagi siyosiy mojarolar oddiy odamlarning hayotiga qanchalar salbiy ta‘sir ko‘rsatayotgani haqida gapirdi.

Ammo, hisobotda ayrim ijobiy o‘zgarishlar ham tilga olingan. Vatanda vatansiz qolayotganlar soni Afrikada nisbatan ozayotgani aytiladi. Ammo Kolumbiyadagi ziddiyatlar kamida uch yarim million insonni boshpanasidan ayirgan. Yoki Meksikada vatansizlikka majbur bo‘lganlar soni o‘tgan davr davomida Afg‘onistondagidan ham yuqoriroqdir.

Markaziy Osiyo davlatlari, xususan, Qirg‘iziston

Ovro‘po va Markaziy Osiyo davlatlariga hisobot bir alohida bo‘limda joy ajratgan va bu mintaqada vatanda vatansiz qolayotganlar soni bo‘yicha Turkiya birinchi o‘rinni egallagan.

Tadqiqotlarga ko‘ra, Kurd ishchi partiyasi PKK bilan hukumat qo‘shinlarining 25 yillik qarama qarshiligi tufayli bir million atrofida turkiyaliklar o‘z yashab turgan joylarini tashlab chiqishga majbur bo‘lishgan. Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida Tog‘li Qorabog‘ mojarosi esa qariyb yarim million ozarini vatanida vatansiz bo‘lishga majbur qilgan.

Endi Markaziy Osiyo davlatlari orasida Qirg‘izistondagi o‘tgan yoz kechgan zo‘ravonliklar tilga olinadi va ana shu qonli zo‘ravonliklar oqibatida 300 000 inson vatanda vatansiz bo‘lib qolishgani aytiladi.

Hozirgi paytda bu ko‘rsatkich ancha ozaygan va 75 ming atrofidadir... Ular avvaliga qo‘shni O‘zbekistonga qochib o‘tganlar va keyinchalik yana vatanga qaytarilgan.

Hisobot Qirg‘izistonda kechgan harbiy hujumlar, jinsiy zo‘rlash, garovga olish, o‘t qo‘yish va qaroqchilik odamlarni o‘z vatanlarini tashlab chiqishga majbur qilgan.

Yuzlab insonlar qurbon bo‘lgan. Zo‘ravoniklar tufayli 300 000 inson o‘z uylarini tashlab chiqishga majbur bo‘lgani urg‘ulanar ekan, ularning ko‘pchiligi o‘zbek millatiga mansub bo‘lishgani ham aytiladi. Qurbonlarning ham aksariyati o‘zbeklar ekani ma‘lum.

Bugungi kunda aksariyat vatanga qaytgan deb sanalsada, 75 ming atrofida o‘z vatanida vatansiz qolayotganlar bor. Zo‘ravoniklardan keyin ko‘pchilik o‘z do‘stlari va qarindoshlarinikidan panoh topgan.

Ayrimlar vayronaga aylangan uylarida jon saqlashgan. Hisobotda O‘shdagi aholining qirq foizi o‘zbek millatiga mansubligi ammo mahalliy hukumat vakillari asosan qirg‘izlar ekani ham aytiladi.

O‘zbeklarga nisbatan kamsitish holatlari haqida xabarlar oqimi to‘xtagani yo‘q. Bu qonli zo‘ravonliklardan keyin qariyb bir yil vaqt o‘tsa-da, hisobot mualliflarining yozishlaricha, bu mintaqada hamon haqoratlash, kamsitish va umuman inson huquqlarining o‘ta qo‘pol poymol etilishi, ba‘zida mahkamalar va politsiya tomonidan qonunsizliklar davom etmoqda...