Fil suyagi qirg‘og‘ida prezidentlikka raqiblar orasida qaqshatqich janglar ro‘y bermoqda

Фото муаллифлик ҳуқуқи BBC World Service
Image caption Alassan Uattara kuchlari Abidjandagi prezident qarorgohiga hujum qilmoqdalar.

Fil Suyagi qirg‘og‘ining xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olingan prezidenti Alassan Uattaraga sodiq kuchlar saylovlarda mag‘lub bo‘lgan, ammo qudratdan ketishdan voz kechib kelayotgan Loran Gbagboni kuch bilan ketkazishga harakat qilmoqdalar.

Fil Suyagi qirg‘og‘ining asosiy shahri bo‘lgan Abidjandagi janob Gbagbo qamalib olgan qarorgohiga hujum qilinmoqda.

Shahar yashovchilari Gbagbo qarorgohi yaqinidan otishmalar va artilleriya hujumi sadosi eshitayotganligini aytmoqdalar.

Loran Gbagboning o‘zi omma o‘ngida bir necha haftadan beri ko‘rinmaydi. Uning qarorgohi o‘ziga sodiq kuchlar tomonidan o‘rab olingan, lekin janob Gbagboning o‘zi ichkaridami-yo‘qligi noma‘lum.

BMT va Fransa tinchlikni saqlash kuchlari Abidjandagi xalqaro qo‘nalg‘a ustidan nazoratni qo‘lga oldilar.

Alassan Uattara hukumati mamlakatning dengiz, quruqlik va havodagi chegarlari yopilgani va kech soat 9 dan erta sota 6 ga qadar komendantlik soatini e‘lon qildi.

Loran Gbagbo noyabr oyida o‘tkazilgan saylovlardan beri qudratdan ketishdan voz kechib kelmoqda.

Fil Suyagi qirg‘og‘i saylov komissiyasi Uattarani noyabr oyida g‘olib, deya e‘lon qilgandi. Shundan so‘ng xalqaro hamjamiyat uni Prezident, deya tan oldi.

Lekin Loran Gbagboning shikoyatidan so‘ng Konstitutsion mahkama Uattaraning g‘olibligini bekor qildi va janob Gbagbo qudratdan ketishdan voch kechib qarorgohiga qamalib oldi.

Uattara kuchlari hozirda mamlakatning 80 foiz hududi ustidan nazoratni qo‘lga kiritganliklarini aytmoqdalar.