Qaddofiy "elchisi" Londonda muzokaralar o‘tkazdi

Фото муаллифлик ҳуқуқи none

BBCga ma‘lum bo‘lishicha, oxirgi bir necha kun mobaynida Liviya hukumatining mahsus elchisi Britaniya rasmiylari bilan muzokaralar o‘tkazgan.

Britaniya Tashqi ishlar vazirligi bu borada tafsilotlarni taqdim etmadi, ammo Liviya rasmiylari bilan har qanday muloqot mobaynida Muammar Qaddofiy qudratdan ketishi lozimligini uqtirib kelayotganligini ma‘lum qildi.

Qaddofiy elchisining Londonga safari haqida Tashqi Ishlar vaziri Musa Kusaning Britaniyaga qochib kelgani ma‘lum bo‘lganidan so‘ng xabarlar tarqadi.

BBC muxbiriga ko‘ra elchi Muhammad Ismoil Londonga oxirgi bir necha kun mobaynida kelgan. U shuningdek Muammar Qaddofiyning o‘g‘li Sayf ul-Islomning yordamchisidir.

Britaniya Tashqi Ishlar vazirligi Liviya elchisi safarini tasdiqlamadi.

Taxmin qilinishicha, Liviya elchisi Muammar Qaddofiy uchun qudratdan ketish yo‘llarini muhokama qilish uchun kelgan bo‘lishi mumkin. Aytilishicha u hozir Liviyaga qaytgan.

Muammar Qaddofiyning o‘g‘illari, ayniqsa Say ul-Islom va Mutassimlar otalari yoda butun oila uchun siyosiy sahnadan ketish strategiyasini muhokama qilishga intilayotganliklari haqida mish-mishlar tarqamoqda.

Chorshanba kuni Liviya Tashqi ishlar vaziri Kusaning Londonga kutilmagan ravishda kelishi ortidan yana bir qator Liviya rasmiylari vazifalaridan ketmoqchi ekanliklari haqida ham xabarlar bor.

"Al-Jazira" televideniyesining xabar berishicha, Liviya Josuslik xizmati vaziri, Tashqi Ishlar vaziri o‘rinbosari va Xalq Kengashi raislari hozir Tunisdalar va xorijga chiqib ketish yo‘llarini izlamoqdalar.

Ammo Liviya neft vaziri Shukri G‘anim Liviyadan ketish ilinjida ekanligini rad etdi. Liviyaning BMTga yaqinda elchi etib tayinlangan Ali Abdulsalom Treki esa hozircha vazifani qabul qilmayotganligi aytilgan.

Liviya hukumati so‘zchisi bu shaxslarning hammasi hozirda mamlakat ichkarisida ekani, ammo ba‘zilari turli ish safarlari bilan xorijga ketgan bo‘lishlari mumkinligini aytdi.

Britaniya Bosh vaziri Devid Kameron janob Kusa o‘tmishda biron jinoiy harkatlarga aloqadaor bo‘lsa, unga javobgarlikka tortilishdan daxlsizlik ta‘minlanmasligini aytdi.

Liviyadagi vaziyat

Liviyada isyonchilar oxirgi bir necha kun mobaynida tashabbusni qayta qo‘lga olishda mushkulliklarga yuz tutmoqdalar.

Hukumat kuchlarining qo‘li baland kelib, Brega va Ras Lanuf shaharlarini tashlab chiqqanlaridan so‘ng O‘rta yer dengizi sohili bo‘ylab bir necha marotaba ilgari siljishga urindilar, ammo uddasidan chiqmadilar.

AQSh harbiylari yuqori lavozimli rasmiysining aytishicha, g‘arb ittifoqchi kuchlarining hujumlari natijasida Muammar Qaddofiy kuchlarining choragi yo‘q qilingan, ammo hukumat kuchlari hanuz isyonchilardan kuchliroqlar.

Misrata shahri hanuz Qaddofiy kuchlari tomonidan artilleriya va tank hujumlariga tutilmoqda.

Ayni vaqtda NATO Tripoliga hujumlar oqibatida tinch aholi vakillari ham halok etilgani haqidagi xabarlarni tekshirayotganini bildirdi.

Avvalroq Vatikanning Liviya poytaxtidagi vakili guvohlarga tayanib 40 kishi halok bo‘lganligini aytgandi.