Mozori Sharifda olomon BMT binosiga hujum qilib, bir necha inson halok bo‘lgan

Фото муаллифлик ҳуқуқи AP
Image caption Mozori Sharifdagi Hazrat Ali maqbarasida juma namozini o‘qib chiqqan olomon BMT qarorgohiga hujum qilgan.

Shimoliy Afg‘onistonning Mozori Sharif shahrida g‘azabnok olomon BMT binosiga hujum qilishi oqibatida kamida yetti inson nobud bo‘lgan.

Yuzlab insonlar Hazrati Ali maqbarasidagi masjidda juma namozidan chiqib, Amerikalik nasroniy ruhoniyning Qur‘onni yoqish tahdidiga qarshi tinch namoyish boshlashadi. Ammo tez orada namoyish zo‘ravonlik tusini oladi.

"Amerikaga o‘lim!", "Isroilga o‘lim!", deya qichqirgan olomon BMT qarorgohiga qarab yurishadi va hujum qilishadi.

Shohidlarga ko‘ra, odamlarning qo‘lida qurollar bo‘lgan. Keyin binoga o‘t qo‘yishgan.

BMT bir necha nafar xodimi halok etilganini tasdiqlagan. Qurbonlar orasida xorijiylar ham, afg‘onistonlik xodimlar ham borligi aytilmoqda.

Mahalliy jurnalistlarga ko‘ra, g‘azabnok odamlar ayrim xorijiylarning boshini tanasidan juda qilgan. Lekin bu xabarlar mustaqil manbalardan tasdiqlanganicha yo‘q.

Amerikalik nasroniy ruhoniy Terri Jons Qur‘onni yoqaman, deya tahdid qilganidan beri musulmon dunyosida, xususan, Afg‘onistonda ham noroziliklar yuzaga kelgandi.

Ammo shundoqqina O‘zbekistonga chegaradosh Balx viloyati markazi - Mozori Sharif mamlakatning eng tinch shaharlaridan biri sanalardi.

BMTdagi manbalarga ko‘ra, shaharda hozir tartib tiklangan. BMT maxsus vakili Mozori Sharifga jo‘nab ketgan.