'Save the children':Millionlab homilador ayollar doya ko‘magisiz tug‘ishga majburlar

Фото муаллифлик ҳуқуқи google
Image caption Efiopiya kabi mamlakatlarda homilador ayollarning 94 foizga qadari doya ko‘magisiz ko‘zi yoriydi.

'Save the children' xayriya tashkilotiga ko‘ra, yiliga jahonda 48 million ayol, ya‘ni homilador ayollarining har uchdan biri doya ko‘magisiz ko‘zi yoriydi.

"Agarda jahonda yetishmaydigan 350 ming professional doya muammosi hal qilinsa, 1 million go‘dakning hayotini saqlab qolish mumkin", deyiladi 'Save the children' hisobotida.

Tug‘ish jarayonida ro‘y beruvchi muammolar tufayli jahonda har kuni 1000 nafar ayol va 2 ming go‘dak olamdan ko‘z yumar ekan.

Tashkilot jahon rahbarlarini ushbu muammoni yechish yo‘lida siyosiy iroda ko‘rsatib, doyalar va umuman sog‘liqni saqlash bilan bo‘lgan ahvolni yaxshilashga da‘vat qildi.

Rivojlanayotgan mamlakatlarda tug‘ilayotgan vaqti kislorod yetishmasligi oqibatida nobud bo‘luvchi go‘daklar soni bezgak kasalligi tufayli vafot etayotgan go‘daklar sonidan ham ko‘proq ekan.

Efiopiyada homilador ayollarning 94 foizi doyalar ko‘magisiz ko‘zi yoriydi. Britaniyada bu ko‘rsatgich atigi 1 foizni tashkil qiladi.

Tug‘ilish vaqtida olamdan ko‘z yumish hollari bo‘yicha Afg‘oniston jahonda eng yuqori o‘rinda. Mamlakatda tug‘ilayotgan har 1000 chaqaloqdan 52 nafari tug‘ilish vaqtida nobud bo‘ladi.Har besh go‘dakdan biri esa 5 yoshga kirmay olamdan ko‘z yumadi.

Afg‘onistonda tug‘ilgan chaqaloqni "ins-jinslardan asrash uchun", deya yerga qo‘yish ana‘nasi ham infektsiya tufayli ko‘plab go‘daklarning olamdan ko‘z yumishlariga sabab bo‘lar ekan.

'Save the children' tashkiloti rahbari Jastin Forsitning aytishicha, jahonda bironta ayol doya ko‘magisiz ko‘zi yorishi kerak emas.

"Bu muammoni hal qilish u qadar qiyin emas. Professional doya bo‘lmasa, bolani tug‘ilganidan so‘ng nafas olib ketishiga yordam bera oladigan va qanday qilib xavfsiz saqlashni biladigan odam bo‘lishi muhim. Hech qanday bola o‘lish uchun tug‘ilmaydi", dedi Jastin Forsit.