'Misratada yaralanganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari ham bor'

Фото муаллифлик ҳуқуқи Reuters

Turkiyaning insonparvarlik kemasi Qaddofiy kuchlari ishg‘olidagi Misrata shahridan 250 tacha yaradorni Beng‘oziga olib borgan.

So‘ng yaradorlarni davolanish uchun Turkiyaga olib ketishga qaror qilingan.

Kemada bo‘lgan Bi-bi-si muxbiri Jon Leyning aytishicha, oldin avtomobil tashishga mo‘ljallangan yuk kemasi shifoxonaga aylantirilgan.

Yaradorlar uchun to‘shaklar o‘rnatilgan, bu to‘shaklarda turli xil jarohatlarni olgan insonlar yotqizilgan.

Jarohatlanganlarning anchasining ahvoli og‘ir.

Bir kishi rafiqasini shifoxonaga olib borayotgan paytida ro‘y bergan portlash paytida oyog‘ining bir qismini yo‘qotgan.

13 yoshli bola o‘zini snayper qanday otganini gapirib beradi.

Kemadagilarning hikoyalaridan Misrata shahridagi vaziyat qanchalar og‘irlashib borayotganini anglash mumkin.

Shaharning aksar qismida ichimlik suv va elektr ta‘minoti o‘zib qo‘yilgan.

Misrataning biror bir qismida yurish xavfsiz emas, yo minomyot portlashiga, yoki snayper o‘qiga duch kelish mumkin.

Misrataliklar so‘zlariga ko‘ra, Qaddofiy kuchlari odamlarni vahimaga solish uchun butun boshli oilalarni, ayollar va bolalarni hech bir sababsiz otib tashlaganlar.

Xabarlarga ko‘ra, Turkiya Misratada bo‘lgan xorijlik yaradorlarni olib chiqish uchun kema yuborishni mo‘ljallagan, yaradorlar orasida O‘zbekiston fuqarolari ham bor.

O‘zining zarur yumushi bilan ko‘chaga chiqqanlar portlashlarga duch kelganlar.

Ayni paytda neft shahri Bregada Muammar Qaddofiyga sodiq kuchlar bilan isyonkorlar o‘rtasida janglar davom etmoqda.

Xabarlarga ko‘ra, hukumat qo‘shinlari Brega universiteti atrofini egallab turishipti, biroq NATO havo hujumlaridan cho‘chib isyonkorlar bilan jangga kirishmayaptilar.

Muxbirlarga ko‘ra, yaxshi qurollanmagan va tartib-intizomi kuchsiz isyonkorlar Brega shahri tomon harakatlanishga qodir emaslar.

Isyonkorlar G‘arbdan ko‘proq ko‘mak berishni so‘ramoqdalar.

Liviya tashqi ishlar vazirligidan aytishlaricha, Muammar Qaddofiy janglarni to‘xtatishni istaydi.

Bu haqda Liviya rasmiylari Yunoniston Bosh vazirini boxabar etganlari xabar qilingan.

"Liviya elchisining bu sharhi rejim muammo yechimini istayotganini ko‘rsatadi", deb aytgan Yunoniston Tashqi ishlar vaziri Bimitris Droutsas.

Liviya elchisining Turkiya va Maltada muzokaralar uchun yo‘l olgani xabar qilingan.