Fil Suyagi Qirg‘og‘i rahbari taslim bo‘lishdan bosh tortmoqda

Фото муаллифлик ҳуқуқи Reuters
Image caption Qudrat uchun kurash Fil Suyagi Qirg‘og‘ini urush girdobiga olib keldi.

O‘tgan noyabr oyidagi saylovlarda mag‘lub bo‘lgani aytilgan Fil Suyagi Qirg‘og‘i prezidenti Loren Gbagbo uning taslim bo‘lishi haqidagi xabarlarni rad etdi.

Prezident qarorgohi yerto‘lasidan turib telefon orqali so‘zlagan janob Gbagbo u faqatgina otashkesim shartlarini mubohasa qilayotgani va noyabr oyidagi saylovlarda g‘alaba qilganiga ishonishini aytdi.

"Men saylovlarda g‘olib edim va qudratdan ketish yo‘lini muhokama qilayotganim yo‘q", deb aytdi janob Gbagbo.

Xalqaro hamjamiyat tomonidan saylovlarda g‘olib, deya tan olingan Alassan Uattaraga sodiq kuchlar Abidjandagi prezident qarorgohini o‘rab olishgan.

Shaharning to‘rt millionga yaqin aholisi uylariga qamalib olgan.

BMT va Fransa tinchlikni saqlash kuchlari janob Gbagbo kuchlarini nishonga olmoqdalar.

G‘arb davlatlari Gbagboning iste‘foga chiqishi kerakligini aytganalar.

Qudrat uchun kurash

2010 yil noyabr oyidagi saylovlarni tashkillashtirishga ko‘mak bergan BMT mamlakat shimolida ko‘proq qo‘llovga ega bo‘lgan Alassan Uattara g‘olib bo‘lganligini ma‘lum qilgandi.

Ammo Loren Gbagbo saylovlar natijalarini qabul qilmadi. U Fil Suyagi Qirg‘og‘ining sobiq mustamlakachisi bo‘lgan Fransani BMTga bosim o‘tkazib, o‘z iqtisodiy manfaatlari yo‘lida uni prezidentlikdan ketkazish intilishida aybladi.

Alassan Uattara Gbagboga 24 mart kuniga qadar qudratdan ketishi uchun muxlat berdi, lekin janob Gbagbodan hech qanday javob bo‘lmadi.

Bir necha kundan keyin Uattara kuchlari Abidjan tomon yurishni boshladilar.

Фото муаллифлик ҳуқуқи BBC World Service
Image caption Saylovlarda g‘olib bo‘lgani aytilgan Alassan Uattaraga sodiq kuchlari Abidjandagi Prezident qarorgohini o‘rab olganlar.

Kelajak bashoratlari

Taxmin qilinishicha, janob Gbagbo joriy vaziyatda ko‘p qola olmaydi.

Xalqaro Jinoyat Mahkamasi unga nisbatan insoniyatga qarshi jinoyatlar bo‘yicha ish ochishi mumkinligini bildirgan. Shuning uchun uning g‘arb davlatlariga yo‘l olishi ehtimoli kam. Lekin Afrika davlatlari orasida o‘ziga boshpana topishi oson.

Janob Gbagbo hamisha Angola Prezidentiga o‘zini yaqin tutib kelgan va o‘sha yerda xavfsiz boshpana topishi ehtimoli yo‘q emas.

Bir vaqtlar jannatmakon o‘lka...

O‘n yilcha avval Fil Suyagi Qirg‘og‘i G‘arbiy Afrikadagi boy va farovon mamlakat edi.

Ammo jamiyatda ko‘rinmas etnik, diniy va iqtisodiy bo‘linishlar ko‘p bo‘lgan.

Kakao yetishtirish sanoatiga asoslangan mamlakatda yashash darajasi qo‘shni davlatlarga qaraganda yuqoriroq edi. Mali va Burkina Faso kabi qashshoq davlatlardan muhojirlar bu yerga kelib ishllashni afzal ko‘rardilar.

Mamlakatga kelayotgan muhojirlarning aksari musulmonlar bo‘lib, shimol aholisiga o‘zlarini yaqinroq ko‘ra boshladilar.

Prezident Gbagbo rahbarligi ostida ba‘zi janubdagi millatchilar esa mamlakatni muhojirlardan himoya qilish g‘oyalarini ko‘tarib chiqa boshladilar. Ular shimolliklarni haqiqiy Fil Suyagi ahli sifatida ko‘rmaydilar.

Shimolliklar javobi

Shimol aholisi o‘zlarini kamsitilgan ko‘ra boshladilar.

Musulmon bo‘lgan Alassan Uattara uning ota-onasi Burkina Fasolik ekani asosida avvalgi saylovlarda o‘z nomzodini qo‘yish huquqidan mosuvo etildi.Lekin u mamlakat Bosh Vaziri vazifasini ado etgan.

Ko‘plab shimolliklar ularga ovoz berish huquqi va rasmiy hujjatlar berilmasligidan shikoyat qilib kelganlar.

2002 yili shimollik bir guruh askarlar isyon ko‘tarib, Abidjan tomon yurdilar. Ular butun mamlakat ustidan nazoratni qo‘lga olay degan vaqtlari Fransa qo‘shinlari tomonidan to‘xtatib qolindi.

Mamlakatda 9 mingga yaqin BMT tinchlikni saqlash kuchlari joylashtirildi.

Mamlakat amalda shimol va janubga bo‘linib qoldi.

Noyabr oyidagi saylovlar bu bo‘linishga yakun yasashi kutilgandi. Lekin aksincha qarama-qarshilik kuchayib ketdi, lekin mojaro yaqin orada xatm topishiga umid qilinmoqda.