Qandahorda jangarilar politsiya o‘quv markaziga hujum qilganlar

Afg‘oniston politsiyasi xabar qilishicha, qurolli jangarilar Qandahor shahri chekkasidagi politsiya harbiy tayyorgarlik markaziga hujum qilganlar.

Bu markazdan Afg‘on milliy armiyasi hamda politsiyasiga yollash maskani sifatida ham foydalaniladi.

Politsiyadan xabar qilishlaricha, bir necha qurolli shaxs markaz binosiga hamda tayyorgarlik bo‘limiga bostirib kirganlar va o‘t ochishni boshlaganlar.

Hujum uchun mas‘uliyatni Tolibon o‘z zimmasiga olgan.

Tolibon so‘zchisiga ko‘ra, yengil va og‘ir qurollar bilan qurollangan to‘rt Tolibon jangarisi politsiya o‘quv markaziga hujum qilganlar.

Tolibon voizi hujumchilardan biri markaz darvozasiga avtomobilini borib urib, o‘zini-o‘zi portlatgan va qolgan jangarilar ichkariga bostirib kirganlar, deb aytgan.

Qandahor viloyati politsiyasi rahbari so‘zlariga ko‘ra, kamida uch xudkush hujumchi o‘quv markazida jangga kirishgan, ular o‘ldirilganlar.

Hujum guvohlarining aytishlaricha, jangarilar qo‘llarida avtomat qurollar va granatomyotlar bo‘lgan.

Otishma bir soatdan ko‘proq davom etgan.

Shohidlar bir necha portlash ovozlarini eshitganlarini aytganlar.

Tayyorgarlik markazi atrofi politsiya kuchlari tomonidan o‘rab olingan, osmonda tikucharlar ko‘ringan.

Oxirgi oylarda Qandahor isyonkorlarning qator hujumlariga duch kelgan.

19 fevral kuni shahar politsiya idorasiga hujumda 19 inson halok bo‘lgan edi.

NATOning yuqori lavozimli mulozimlari aytishlaricha, Qandahor va uning atrofidagi hududlarda NATO kuchlari o‘tgan yili yirik amaliyotlarni o‘tkazganlar, bu esa Tolibonning ushbu hududda kuch yig‘ib olishining oldini olgan.

Ammo NATO zobitlari bu muvaffaqiyat vaqtinchalik ekanini tan oladilar, hududda politsiya va hukumat mulozimlariga hujumlar tez-tez yuz berib turadi.

Bahor kelib kunlar isishi bilan Afg‘onistonda isyonkorlar faollashishi kuzatiladi.

BBC muxbiri Pol Vudning yozishicha, otishmalar payti deb ko‘riladigan payt endi boshlanmoqda va hamma tomondagilar zo‘ravonliklar soni ko‘payishini kutmoqda.