Frantsiyada jamoat joylarida burqada yurishni taqiqlovchi qonun kuchga kirdi

Frantsiyada bugun kuchga kirgan yangi qonunga muvofiq, muslimalarning jamoat joylarida burqada yurishlari bundan keyin jinoyat sanaladi.

Qonunni buzgan muslima xotin-qizlar 150 yevro miqdorida(217 AQSh dollari) jarimaga tortilishadi va maxsus fuqarolik kurslaridan o‘tishlari lozim ko‘riladi.

Ularni niqob yoki burqa kiyishga majbur qilganlarga esa, bundan ham kattaroq miqdorda jarima solinadi va ikki yilgacha qamoq jazosiga hukm etilishadi.

Frantsiya muslimalarga farz deb ko‘rilgan islomiy burqani rasman taqiqlagan Ovro‘podagi birinchi davlatdir.

Bugun kuchga kirgan yangi qonunga muvofiq, frantsiyalik bo‘ladimi yoki xorijlik, xotin-qizlarning jamoat joylarida niqob va yo burqada yurganliklari aniqlansa, politsiya ularni to‘xtatib, jarima solishga haqli bo‘ladi.

Jarima miqdori oz bo‘lsa-da, u jiddiy o‘zgarishlardan dalolat qiladi.

Frantsiya hukumatining aytishicha, yuzni deyarli butkul yopib turuvchi burqa bahamjihat jamiyatda yashash uchun lozim bo‘lgan eng oddiy me‘yorlarga mos kelmaydi va mamlakatda amalda bo‘lgan tenghuquqlilik tamoyillariga muvofiq kelmaydi.

Yangi qonun, o‘z o‘rnida, Frantsiyadagi musulmonlarning o‘zlari tomonidan ham bir xilda qarshi olinmagan.

Islomchilar va erkinlik tarafdori bo‘lgan faollar tomonidan o‘tkazilgan sanoqli namoyishlar esa, amalda hech qanday ta‘sirga ega bo‘lmagan ko‘rinadi.

Ammo o‘rtaga chiqayotgan eng oddiy savol - Frantsiyada hijob yoki burqada yuruvchi xotin-qizlarning soni bor-yo‘g‘i 2.000 tacha bo‘lgan paytda, bu kabi qonunga qanchalik jiddiy ehtiyoj borligi haqidadir.

Frantsiya Prezidenti Nikolya Sarkozi tanqidchilariga ko‘ra, aholi orasida obro‘si to‘kilib borayotgani uchun musulmonlar mavzusini ko‘tarishi unga osonlik bilan saylovchilarni o‘z tomoniga og‘dirib olishda qo‘l kelishi mumkin.

Qator inson huquqlari faollari esa, bugun kuchga kirgan yangi qonun - inson huquqlarining toptalishi ekanini aytishadi.

Ularning urg‘ulashlaricha, Frantsiya erkinlik va inson huquqlari davlatidir. Hamda yangi qonuni bilan frantsuz hukumati ushbu tamoyilni hurmat qilmasligini namoyon etgan.

Faollar, o‘z o‘rnida, buning Ovro‘po qonunlariga ham zid amal ekanini alohida ta‘kidlashadi.

Siz Frantsiya hukumatining ushbu qaroriga qanday qaraysiz? Qanday libosda yurish insonning qonunan himoya qilingan huquqi bo‘lgan bir sharoitda Frantsiyada qabul qilingan bu kabi qonunlarga nega ehtiyoj bor deb o‘ylaysiz?