Afg‘oniston Mudofaa vazirligi binosiga xudkushlik hujumi uyushtirildi

Фото муаллифлик ҳуқуқи Reuters
Image caption Afg‘oniston Mudofaa vazirligi tashqarisidagi qo‘riqchilar

Afg‘oniston poytaxti Kobulda armiya ust-boshida bo‘lgan xudkush hujumchi Mudofaa vazirligi binosiga hujum qilgan, natijada kamida ikki kishi nobud bo‘lgan.

Hayotdan ko‘z yumganlardan biri vazir o‘rinbosari tan qo‘riqchisi ekani aytilmoqda. Hodisada bir necha kishi yaralangan. O‘tgan to‘rt kun ichida ushbu xudkushlik hujumi Afg‘oniston xavfsizlik kuchlari qarorgohiga qilingan uchinchi yirik hamladir.

Belida portlovchi vositalar bog‘lagan xudkush hujumchi binoning Mudofaa vaziri va armiya bosh shtabi boshlig‘i idoralari joylashgan ikkinchi qavatigacha yetib borgan.

U vazir va armiya bosh shtabi boshlig‘i yordamchilarini otishga muvaffaq bo‘lgan, ammo bombasini portlatishga ulgurmagan. U bundan oldin tan soqchilari tarafidan o‘ldirilgan.

Tolibon hujumdan "qo‘g‘irchoq" mudofaa vazirini o‘ldirish maqsad qilinganini aytgan.

BBCning Kobuldagi muxbiri Bilol Sarvariyning aytishicha, bu birinchi martadirki, qurolli shaxs Afg‘oniston Mudofaa vaziri binosiga shunchalar ichkari kirib borgan.

Nazorat nuqtalari

Afg‘oniston xavfsizlik xizmati rasmiysining BBCga aytishicha, xudkush hujumchi Afg‘oniston Milliy Armiyasi polkovnigi kiyimida bo‘lgan.

U maxsus hujjati bo‘lganligi uchun u tashqari va ichkaridagi nazorat nuqtalaridan qurol va tanasidagi portlovchi vositalari bilan o‘tishga muvaffaq bo‘lgan.

Mudofaa vazirligi binosiga yetib borgan payt hujumchi tan qo‘riqchilarga ro‘para kelgan va otishma boshlangan.

Alal-oqibat u o‘ldirilgan, biroq avval ikki askarni halok qilishga va yana bir necha kishiga tan jarohati yetkazishga ulgurgan.

Xavfsizlik rasmiysining aytishicha, hujumchi portlovchi vositalarini portlatishga ulgurmagan. Mahalliy xabarlarga ko‘ra esa, binoda portlash ham yuz bergan.

Tolibon voizi hujum ortida o‘zlari turganlari va maqsad Mudofaa vaziri Abdul Rahim Vardakni o‘ldirish bo‘lganini aytgan.

Ammo, BBCga gapirgan xavfsizlik rasmiysi hujum chog‘i janob Vardak binoda bo‘lmaganini aytgan.

Afg‘oniston Mudofaa vazirligi poytaxt Kobulning markazida, prezident saroyi va boshqa vazirliklar idoralari yaqinida joylashgan.

Muxbirimizga ko‘ra, ayni paytda hujumchi Afg‘onistonning eng muhim vazirliklaridan biri binosiga kirishga qanday muvaffaq bo‘lganiga oid jiddiy savollar o‘rtaga chiqmoqda.

Bu - keyingi besh kun ichida amalga oshirilgan to‘rtinchi halokatli hujum, biroq shu paytgacha ilk bor kimningdir shu qadar muhim rasmiylar idorasiga kirib borishidir.

Yakshanba kuni Mudofaa vazirligi voizi xudkush hujumchilar va toliblarning armiyaga sizib kirishlarini to‘xtatishga muvaffaq bo‘linganini aytgandi.