Ukraina, Rossiya va Qozog‘iston birgalashib bug‘doy havzasi barpo etishmoqchi

Ukraina Bosh vaziri Nikolay Azarovning aytishicha, Rossiya va Qozog‘iston bilan yagona bug‘doy havzasi tashkil etish xususida muzokaralar olib borishmoqda.

Xitoy safari chog‘ida ushbu bayonot bilan chiqqan janob Azarovga ko‘ra, bu kabi ittifoqqa kirish, "muqobil, mantiqiy va asosli"dir.

Dunyodagi bug‘doy eksportining qariyb 30 foizi esa, bu uch davlat hissasiga to‘g‘ri keladi.

Ayni shu omilni nazarda tutarkan, Ukraina Bosh vaziri, "bir-birlari bilan raqobatga kirishishning o‘rniga, bozordagi vaziyatni nazorat etish uchun o‘z amallarini muvofiqlashtirish oqilona ish bo‘lishi"ni aytgan.

O‘tgan yil Rossiya, Ukraina va Qozog‘istonda kuzatilgan qurg‘oqchilik sabab, g‘alla hosili keskin kamayib ketgan va mazkur holat ularning bug‘doy eksportiga jiddiy ta‘sir qilgandi.

Ular tomonidan ichki ehtiyojlarini qondirish maqsadida chetga bug‘doy sotishning cheklanishi esa, jahon bozorida bug‘doy narxining keskin ko‘tarilib ketishiga olib kelgandi.

O‘tgan yili vujudga kelgan bu kabi vaziyat ma‘lum miqdorda Rossiya va Qozog‘iston uniga qaram aksariyat Markaziy Osiyo davlatlaridagi narx-navolarga ham jiddiy ta‘sir etmay qolmagandi.

Aynan Rossiya va Qozog‘istondagi g‘alla taqchilligi sabab, hatto, g‘alla mustaqilligini e‘lon qilgan O‘zbekistonda ham un va un mahsulotlarining qiymati bir necha bor ortgani kuzatilgandi.

Mazkur holatga e‘tibor qaratarkan, Jahon banki narx-navolarning "xavfli darajada" ko‘tarilishi Markaziy Osiyodagi shundoq ham qaltis siyosiy, ijtimoiy vaziyatni murakkablashtirishi bilan ogohlantirgandi.

Ukraina Bosh vazirining aytishicha esa, "bu kabi havzaning barpo etilishi a‘zo davlatlardan biri bug‘doy taqchilligiga yuz tutgan paytda uning o‘rnini qoplashga imkon beradi va bozordagi vaziyatni barqaror ushlab turishda qo‘l keladi".

Janob Azarovga ko‘ra, rejadagi havza g‘alla ta‘minotini kafolatlash bilan birga, bug‘doy narxini nazorat etishga ham imkon beradi.

Biz mintaqa va Rossiya iqtisodini yaqindan bilgan o‘zbekistonlik tahlilchi Anvar Husainov bilan bog‘lanib, eng avvalo bu uch davlatning bug‘doy havzasi barpo etish rejasiga munosabatini so‘radik:

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди