Сўнгги янгиланиш 26 апрел 2011 - 12:36 GMT

Dunyo Chernobil halokatining 25 yilligini xotirlamoqda

Ukrainada Chernobil atom elektrostantsiyasidagi halokatning 25 yilligini xotirlash marosimlari bo‘lib o‘tmoqda.

Insoniyat tarixidagi eng yirik deya ko‘rilgan Chernobil halokati 1986 yil 26-aprelda Kiyev vaqti bilan soat 01:23 da yuz bergandi.

Kiyevdagi Chernobil yodgorlik majmuasiga Ukraina rasmiylari va halokatni bartaraf etishda qatnashganlar doxil 700 ga yaqin odam jam bo‘ldi.

Ko‘pchilik qo‘llarida gul va sham ushlab turishardi.

Aksariyatning ishonishicha, Chernobil atom elektrostantsiyasi to‘rtinchi blokidagi halokat omadsiz sinov natijasida yuz bergan.

To‘rtinchi energoblokdagi portlash (ba‘zi ma‘lumotlarga ko‘ra, ikkita portlash) atom reaktorini butunlay vayron qilgan, yirik miqdorda radioaktiv moddalarning tarqalishiga sabab bo‘lgandi.

Portlashda kamida 30 inson halok bo‘ldi.

Nurlanish oqibatida dunyodan ko‘z yumgan insonlar soni borasida aniq bir ma‘lumot yo‘q.

Chernobildagi portlash natijasida havoga Yaponiyaning Xirosima shahriga Qo‘shma Shtatlar tomonidan tashlangan atom bombasidan 400 marta ko‘p radiatsiya tarqalgan.

Radiatsion ifloslanish butun Ovro‘poda kuzatilgan.

Chernobil atom elektrostantsiyasi atrofidagi 30 kilometrlik hududdan 115 ming insonni ko‘chirilgan esa-da, Belorus, Ukraina va Rossiyaning yirik hududlari ham radiatsiyadan ifloslangan edi.

Chernobilga safar

1986 yil 26 apreliga qadar dunyo o‘z xavfsizligi haqida ko‘p qayg‘urmasdi. Ammo mazkur sanadan buyon ertangi kunga hech kimning ishonchi komil emas.

Ukraina Prezidenti Viktor Yanukovich

Xotirlash marosimlari halokatdan keyin butkul huvillab qolgan Chernobilda ham bo‘lib o‘tmoqda.

Halokat yuz bergan joyga Ukraina va Rossiya prezidentlari Viktor Yanukovich va Dmitriy Medvedev safar qilishgan.

Kreml matbuot xizmati tarqatgan xabarga ko‘ra, Yanukovich va Medvedev Chernobil markazida joylashgan "Zvezda Polыnь" muzeyiga ham borishadi.

Belorus Prezidenti Aleksandr Lukashenko ham mamlakatining radiatsiyadan ziyon ko‘rgan hududlariga tashrif buyuradi.

Aleksandr Lukashenko Chernobil atom elektrostantsiyasining to‘rtinchi bo‘limini yangi sarkofag bilan o‘rash uchun mablag‘ to‘plash maqsadida o‘tkazilgan xalqaro anjumanda ishtirok etmagandi.

Chernobil halokatidan bir necha oy o‘tib barpo etilgan sarkofag muddati 2016 yilda tugaydi.

Ukraina hukumati Ovro‘po Tiklanish va Taraqqiyot banki bilan birga yangi sarkofagni 2015 yilgacha qurib bitkazishni mo‘ljallamoqda.

Sarkofag uchun mablag‘

Fransa va Olmoniyadagi namoyishchilar atom elektrostantsiyalaridan butunlay voz kechishga chaqirdilar

Chernobil atom elektrostantsiyasini butunlay zararsizlantirish uchun Ukrainaga yana kamida bir milliard dollar zarur edi, biroq Kiyevda o‘tgan anjumanda donorlar zaruriy mablag‘ning faqat 75 foizini qoplashga va‘da berganlar.

Ammo Ukraina hukumati to‘plangan yordam yangi sarkofagni qurish ishlarini boshlash uchun yetarli ekani va qolgan mablag‘ni kelgusi bir yarim yil ichida to‘plashga ishonch bildirgan.

Chernobil halokati Yaponiyada yuz bergan tabiiy ofat ortidan yana dunyo diqqat markaziga aylandi.

Halokatli tsunami va zilzila natijasida Yaponiyaning "Fukusima-1" atom elektrostantsiyasi ishdan chiqdi va u yerdan ham radiatsiya nurlari tarqalmoqda.

"1986 yil 26 apreliga qadar dunyo o‘z xavfsizligi haqida ko‘p qayg‘urmasdi. Ammo mazkur sanadan buyon ertangi kunga hech kimning ishonchi komil emas. Yaponiyaning "Fukusima-1" atom elektrostantsiyasida yuz bergan hodisa ham ushbu achchiq haqiqatni yana bir marta eslatdi, xolos", - deb aytdi Ukraina Prezidenti Viktor Yanukovich.

Yaponiya hukumati vakili Yukio Edano seshanba kuni "Fukusima-1" va Chernobil atom elektrostantsiyalaridagi halokatlar bir biriga o‘xshamasligini aytdi.

"Bu ikki hodisa tabiatan bir-biridan farq qiilishi aniq. Sizib chiqqan radioaktiv modda miqdori Chernobildagidan o‘nlab marta oz. Biz reaktorda portlashlarning oldini olishga muvaffaq bo‘ldik", - deb ta‘kidladi u.

Dushanba kuni Fransa va Olmoniyada minglab odamlar norozilik namoyishi o‘tkazib, yadroviy energiyalardan foydalanishdan voz kechishni talab qildilar.

Ayni damda Hindiston hukumati yangi atom elektrostantsiyasini qurish rejalangan joyda xavfsizlik choralarini kuchaytirgan. Hindistondagi atrof-muhitni himoya qiluvchi tashkilotlar ushbu joyda norozilik namoyishlarini o‘tkazish niyatidalar.

Биз билан боғланинг

* Тўлдириш шарт бўлган жойлар

(Кўпи билан 500 белги)

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.