Usama Bin Lodin: mujohid va sarmoyador

Фото муаллифлик ҳуқуқи AFP

Usama Bin Lodin dunyoning e‘tiborini 2011 yil 11 sentyabrida, 3000 insonning umriga zomin bo‘lgan Qo‘shma Shtatlardagi hujumlardan so‘ng tortgan edi.

Saudiyalik hech kim tanimagan dissident uch yil ichida dunyoning eng xavfli shaxsiga aylandi.

1957 yilda tug‘ilgan Usama Bin Lodin Saudiya Arabistonidagi yo‘llarning 80 foizini qurgan multimillioner Muhammad Bin Lodinning 52 nafar farzandidan o‘n yettinchisi ekani aytiladi.

Otasining 1968 yilda vertolyot halokatida hayotdan ko‘z yumishi yosh Usamani ko‘p million dollarlik merosxo‘rga aylantirdi.

Garchi bu meros ko‘pchilik aytadigan 250 million dollardan ancha kam bo‘lsa-da.

Mujohid

Jiddadagi Qirol Abdul Aziz Universitetida fuqaro muhandisligini o‘rganayotgan payt Bin Lodin Islomning an‘anador qanotiga mansub o‘qituvchilar va talabalar bilan aloqa o‘rnatadi.

Ilohiyot darslari va munozaralar jarayonida u o‘zi G‘arbdagi tanazzulga qarshi qo‘rg‘on sifatida ko‘rgan aqidaparast Islomga beriladi.

1979 yil dekabrida Sho‘rolarning Afg‘onistonni ishg‘ol qilishi Bin Lodinning hayotini bir umrga o‘zgartirib yubordi.

U kommunistlarga qarshi mujodalani o‘zining da‘vosiga aylantirdi va Afg‘onistonga borib, o‘n yil davomida mujohidlar jang qildi va g‘alaba qozondi.

Josuslik ekspertlari AQShning Markaziy Josuslik Boshqarmasi Bin Lodin doxil, mujohidlarni qurollantirish va tayyorgarlikdan o‘tkazishda faol rol o‘ynagan, deb ishonishadi.

Afg‘onistondagi urush tugaganidan so‘ng Bin Lodinning qarashlari o‘zgaradi.

Ulkan sarmoyalar

1991 yildagi Iroqqa qarshi ko‘rfaz urushi chog‘ida AQShning ayollar doxil 300 ming kuchlari Islomning ikki muqaddas shahri joylashgan Saudiya Aarabistoniga joylashtirilishi ortidan Bin Lodinning Moskvaga bo‘lgan nafrati Vashingtonga qaratildi.

Bin Lodin o‘zi shakkok, deb ko‘rganlardan qasos olishga olishga va‘da berdi.

O‘zining ko‘pgina mujohid birodarlari bilan birga u Yaqin Sharqdagi ko‘pgina guruhlarga o‘zinining jang qilish san‘ati va islomiy jahdni o‘rgatdi.

Amerikaning bosimlari natijasida 1994 yilda Saudiya Arabistoni, keyinroq esa Sudan Bin Lodinni fuqarolikdan mahrum etdi va 1996 yilning yanvarida u Afg‘onistonga keldi.

Boshboshdoqlik hukm surgan Afg‘onistonda turli-tuman islomiy guruhlar, jumladan, aqidaparst Tolibon jangarilari amal qilishardi.

Oradan 9 oy o‘tib, Tolibon Kobulni zabt etdi.

Jo‘g‘rofiy jihatdan cheklangan bo‘lishiga qaramay, Bin Lodinning boyligi dunyo bo‘ylab ulkan sarmoyalar hisobiga oshib borayotgandi.

Bu esa unga o‘zining Al-Qoida tarmog‘i orqali transnatsional jangari guruhlarni moliyalash va nazorat qilish imkonini berdi.

Naqliyot va moliyaviy ko‘makni ta‘minlagan Bin Lodin ba‘zan vositachilik qildi, ba‘zida esa o‘zining zo‘ravonlik harakatlarini olib bordi.

1998 yilning fevralida u "Yahudiylar va Salbchilarga qarshi Jahon Jabhasi" tashkiloti nomidan fatvo chiqarib, amerikaliklar va ularning ittifoqchilarini o‘ldirish har bir musulmonning burchi, deb e‘lon qildi.

'Eng xavfli'

Oradan 6 oy o‘tib, AQShning Keniya va Tanzaniyadagi elchixonalarida ikkita bomba portladi. 224 kishi halok bo‘ldi, 5000 ga yaqin odamlar jarohatlandi.

Usama Bin Lodin va uning 16 safdoshi asosiy gumondorlar, deb e‘lon qilindi.

Bir kechada Bin Lodin Amerikaning birinchi raqamli dushmaniga aylandi va Fedaral Qidiruv Byurosi uning boshiga 25 million dollar va‘da qildi.

AQSh dengizdan Afg‘oniston sharqidagi oltita tayyorgarlik markazlariga 75 ta raketa otdi, ammo Bin Lodin omon qoldi. Amerikaliklar nishonga bir soat kech qolganliklarini aytishdi.

Bin Lodin shuningdek, 1993 yilda Nьyu Yorkdagi Jahon Savdo Markaziga uyushtirilgan hujum, 1995 yilda Saudiya poytaxti Ar-Riyoddagi mashina portlashi va 19 nafar Amerika askarlarining umriga zomin bo‘lgan Saudiya kazarmalaridagi portlashlarda ayblandi.

"Men hamma vaqt amerikaliklarni o‘ldiraman, chunki ular bizni o‘ldirishmoqda", -deb aytgan Bin Lodin. "Biz amerikaliklarni hujumga tutganimizda boshqa odamlarga ziyon yetkazmaymiz", - degan u.

Ammo Nayrobi va Dorussalomdagi hujumlarda uning so‘zlari o‘z tasdig‘ini topmadi - qurbonlarning aksariyati amerikalik emas, afrikaliklar edi.

Bin Lodin o‘ziga shunchalik ishonar ediki, u hatto yadroviy qurol sotib olish uchun Qozog‘iston hukumatiga ko‘p million dollar taklif qilishgacha bordi.

Shundan so‘ng AQSh va Isroil Bin Lodinni o‘ldirish uchun maxsus qotillarni yuborgan, deb ishoniladi.

Bin Lodin shaxsi

Keyin 2001 yil 11 sentyabridagi voqealar yuz berdi. Olib qochilgan ikki uchoq Nьyu Yorkdagi egizak binolarga kelib urildi va ularni vayron qildi.

Yana bir uchoq esa Pentagonni nishonga oldi, to‘rtinchisi Pensivaniyaga quladi. Ja‘mi 3000 dan ortiq inson halok bo‘lgan hujumlar ortidan AQShning Tolibonga qarshi amaliyoti boshlandi.

Ittifoqchi kuchlar 2001 yil kech kuzida Afg‘onistonga kirdi. Usama Bin Lodin Tora Boradagi g‘orda yuz bergan janglarda halok bo‘ldi, deb ishonildi.

Aslida esa u chegara orqali Pokistonga o‘tgan edi. Pokistonda Bin Lodin faqat pop yulduzlari va kino aktyorlargina erisha oladigan kult maqomiga erishdi.

Qo‘shma Shtatlar Iroqni ishg‘ol qilgan payt Bin Lodin "bu salbchilar urushining asosiy nishoni musulmonlar" deb e‘lon qildi va "barcha musulmonlar, ayniqsa, iroqliklar jihodni boshlashi kerak" deb aytdi.

Puxta o‘ylangan bayonotlar

Usoma Bin Lodin oxirgi marta 2001 yil Tora-Boradagi istehkomida ko‘rilgan edi.

Pokistonda unga Tolibonga xayrxoh bo‘lgan ayrim mahalliy Pushtun qabilalari boshpana berishgan.

2003 yilda Pokistonda Xolid Shayh Muhammadning hibsga olinishi Bin Lodinga qarshi ovda muhim burilish bo‘lgan.

2004 yil may-iyulida Pokiston armiyasi Bin Lodinni qo‘lga olish bo‘yicha yirik amaliyot boshlagan.

Ammo oradan bir yil o‘tib, Prezident Musharraf uning izini yo‘qotishganini tan oladi.

Garchi Al-Qoida ko‘pincha internetda tarmoqning ikkinchi rahbari bo‘lgan Ayman al-Zavohiriy nomidan bot-bot audio murojaatlarni chiqarib kelgan bo‘lsa-da, Usama Bin Lodinning o‘zi ko‘p ko‘rinmas edi.

Uning chiqishlari vaqti, tahlilchilarga ko‘ra, G‘arbdagi jamoatchilik fikriga ta‘sir ko‘rsatish maqsadida yaxshi rejalangan bo‘lgan.

Shunday videolardan biri Madriddagi hujumlar yuz bergan va AQShdagi saylovlar arafasida, 2004 yilda e‘lon qilingan edi.

U ikkinchi marta 11 sentyabr hujumlariga 6 yil to‘lar ekan, o‘zining o‘limi haqidagi mish-mishlarni rad etish uchun paydo bo‘lgan.

Tarafdorlari Bin Lodinni G‘arbdagi ko‘pchilik kabi minglab insonlarning o‘limi uchun ma‘sul, qo‘li qonga botgan terrorchi emas, balki Amerika va Isroilga qarshi ozodlik kurashchisi, deb ko‘radilar.