Pokiston: Dunyo Usama bin Lodinni topishning uddasidan chiqa olmagan

Pokiston Bosh vaziri Yusuf Rizo Giyloniyning aytishicha, "Al-Qoida" tarmog‘i rahbari Usama bin Lodinni topishning uddasidan chiqolmaganlikda butun dunyo aybdordir.

Bundan sal avvalroq rasmiy Islomobod Qo‘shma Shtatlarning Usama Bin Lodinning o‘ldirilishi bilan nihoya topgan amaliyot tafsilotlarini Pokistonga oldindan ishonib bo‘lmas edi, degan iddaosini ham rad etgandi.

Pokiston Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Salmon Bashir BBC bilan suhbatda Oq Uyning bayonotini "tashvishli" deb atagan va Pokiston terrorizmga qarshi kurashda markaziy rol o‘ynashini aytgan.

Avvalroq Markaziy Josuslik Boshqarmasi boshlig‘i AQSh amaliyotni xavf ostiga qo‘yishi mumkinligi va‘jidan Pokistonni oldindan ogoh qilmaganini aytgan edi.

AQSh Markaziy Josuslik Boshqarmasi direktori Leon Panetta "Taym" jurnaliga bergan intervyusida rasmiy Islomobod avvaldan ogoh etilmagani, "chunki ular nishonga xabar berib qo‘yishlari mumkin" degan xavotir bo‘lganini ma‘lum qilgan.

BBC bilan suhbatda Pokiston Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Salmon Bashir janob Panetta o‘z qarashini izhor qilishga haqli ekani, ammo uning mamlakati terrorga qarshi urushda Qo‘shma Shtatlar bilan har tomonlama hamkorlik qilib kelganini urg‘uladi.

- "Al-Qoida"ning hozirga qadar qo‘lga olingan barcha muhim odamlari bizning josuslik xizmatlarimiz tomonidan hibsga olingan, ularning barchasi Pokiston shaharlarida qo‘lga olingan va bu menimcha, eslashga arzigulik holat. Shuning uchun ham vaqti-vaqti bilan eshitilib turadigan o‘zaro ishonchsizlik haqidagi gaplarning hammasi notug‘ri, deb aytgan Pokiston mulozimi.

Janob Bashir Pokiston, hatto, Usama Bin Lodin o‘ldirilgan Abbattoboddagi majmua ham bir muddat avval ISI- Pokistonning Idoralararo Josuslik Xizmati tomonidan shubhali inshoot sifatida aniqlanganini aytdi.

- Bu joyni bizning josuslik xizmatlarimiz bir muddat avval AQSh josuslik xizmatlariga bildirishgan. Albatta, amerikaliklar uni baholash uchun yaxshiroq jihozlarga ega. Ammo terrorga qarshi urushda erishilgan yutuqlarda Pokiston hal qiluvchi rol o‘ynagan, shuning uchun ham bu kabi sharhlarni eshitish biz uchun yoqimsiz, deb aytgan Pokistonning yuqori martabali diplomati.

Seshanba kuni Pokiston Tashqi ishlar vazirligi Pokiston idoralararo josuslik xizmati - ISI ni himoya qilgan va Amerikaning harakatlaridan "chuqur xavotir" izhor qilgan.

Pokiston bir tomonlama harakat normaga aylanmasligi kerakligini aytib, Pokiston josuslik xizmatlari so‘nggi yillarda AQSh bilan axborot almashib kelganini urg‘ulagan.

BBCning Abbattoboddagi muxbiriga ko‘ra, agar bin Lodin haqiqatan ham amerikaliklar aytayotgani kabi besh yil davomida Abbattobodda yashab kelgan bo‘lsa, bu Pokiston rasmiylari bilan bog‘liq jiddiy savollarni o‘rtaga chiqaradi.

Bin Lodin o‘ldirilgan uy Pokiston Harbiy Akademiyasidan bor-yo‘g‘i bir necha yuz metr uzoqlikda joylashgan, xolos.

BBC muxbirining aytishicha, Pokiston mulozimlari yo yetarli ma‘lumotga ega bo‘lmaganlar, yoki "Al-Qoida" rahbarini yashirib kelishgan.

Ayni paytda Frantsiya Tashqi ishlar vaziri Alen Jupe Pokiston rasmiylari Usama bin Lodin Pokistonda yashab kelganidan bexabar bo‘lganliklariga ishonish qiyin, deb aytgan.

Bu haqda u Pokiston Bosh vaziri Yusuf Rizo Giyloniy Parijga tashrif buyurishi arafasida gapirgan.

Muxbirlarga ko‘ra, janob Giyloniydan Frantsiyaga safari chog‘ida bu borada qiyin savollar so‘ralishini aytishmoqda.