Moskva hokimi noqonuniy mehnat muhojirlariga qarshi "urush" ochdi

Image caption Moskva hokimi xorijiy mehnat muhojirlariga nisbatan qattiqqo‘l siyosat qo‘llashni istaydi

Moskva hokimi Sergey Sobyanin noqonuniy mehnat muhojirlariga qarshi kurash kampaniyasini boshladi.

Sergey Sobyanin Rossiya poytaxtidagi yashashga yaroqsiz, tashlandiq binolar, tom va yer to‘lalarni tekshirishga buyruq berdi.

Oldinroq Moskva hokimi ish beruvchilardan qonuniy ishlayotgan muhojirlarga yaxshi maosh va tibbiy sug‘urta berishni talab qilgandi.

Mutaxassislar Moskva hokimi tashabbusining amalga oshishiga shubha bilan qarashadi.

Sergey Sobyanin o‘z chiqishida Moskvada ish o‘rinlari, birinchi navbatda, moskvaliklar va boshqa mintaqalardan kelgan Rossiya fuqarolariga berilishi zarurligini ta‘kidladi.

Biroq, hokim fikricha, o‘sib borayotgan Moskva iqtisodiyoti xorijiy ish kuchiga chanqoq.

Sergey Sobyanin ish beruvchi shirkatlardan muhojirlarga yaxshi maosh berish hamda tibbiy sug‘urta bilan ta‘minlashni talab qildi.

"Mehnat muhojirlariga kerakli sharoit yaratishilishi lozim. Bugungi kunda muhojirlarning aksari qonuniy maosh olishmaydi, ular tibbiy sug‘urta bilan ta‘minlanmagan. Ushbu hol Moskva ijtimoiy hayotiga salbiy ta‘sir ko‘rsatmoqda. Shu qatorda noqonuniy mehnat muhojirlari hajmi qisqartirilishi shart," deb aytdi Sergey Sobyanin.

O‘ta mushkul masala

O‘zbekistonlik Abdulloh poytaxt janubidagi qurilish shirkatlaridan birida ishlaydi.

Abdulloh fikricha, hokim Sergey Sobyanin chaqirig‘ini amalga oshirish "o‘ta mushkul masala".

"Sergey Sobyanin muhojirlarga tibbiy sug‘urta va yaxshi maosh berilsin degan bilan, bunday bo‘lmaydi. Chunki, ko‘pchilik ish beruvchi shirkatlar bunga rozi bo‘lishmaydi. Ular muhojirlarni yaxshi maosh va sug‘urta bilan ta‘minlashsa, daromadlari kamayadi. Shuning uchun aksar shirkatlar noqonuniy muhojirlarni yollashga harakat qilishadi. Agar, hammasi qonuniy bo‘lsa, migrantlarni ishga olgan shirkatlar, davlatga soliq to‘lashlariga to‘g‘ri keladi," deydi Abdulloh.

Moskva hokimi politsiya va migratsiya organlaridan poytaxtdagi tashlandiq binolar, tom va yer to‘lalar tekshirilishi va u yerda yashayotgan muhojirlar haydab chiqarilishini talab qildi.

Abdullohning aytishicha, Moskvada ijara narxining nihoyatda qimmatligi bois, muhojirlar yer to‘la va yaroqsiz binolarda yashashga majbur bo‘lishadi.

"O‘sha yashashga yaroqsiz bino va yerto‘lalarning ham egasi bor. Muhojirlar xo‘jayiniga pul berib yashashadi. Uchastka noziri kelib, odam boshidan oyiga kamida 500 rubldan yig‘ib ketadi," deydi Abdullo.

Markaziy Osiyoliklarga vizami?

O‘tgan oy oxirida Moskvadagi eski korxona hududida joylashgan bombapanohda yashagan 100 dan ortiq Markaziy Osiyolik muhojir qo‘lga olingandi.

Muhojirlar zavod hududida tikuv mashinalari uchun ignalar va boshqa ehtiyot qismlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanganlar.

Moskvalik huquq faoli Bahrom Hamroyevning fikricha, muhojirlarga nisbatan qattiqo‘l siyosat Sergey Sobyanin davrida ham davom ettirilmoqda.

"Sobyanin boshchilik Moskva hokimiyati hozirga qadar qonuniy muhojirlarga biror yengillik yaratgani yo‘q. Aksincha, muhojirlar ahvali borgan sari qiyinlashmoqda. Ish ruxsatnomasi berish, umuman har qanday qonuniy hujjat uchun pora olish odati o‘zgarmagan. Muhojirlarga birorta ham yangi yotoqxona qurilmagan. Sharoit bunday og‘ir bo‘lgandan keyin, albatta, noqonuniy muhojirlar soni ko‘payadi," deydi Bahrom Hamroyev.

Yaqinda Rossiya quyi parlamenti - Duma majlisida, Rossiya giyovand moddalarni nazorat qilish xizmati rasmiylari kelayotgan Markaziy Osiyo fuqarolariga nisbatan viza tartibi joriy etish talabini oldinga surdilar.

Biroq, Rossiya Federal Migratsiya xizmati rahbari Konstantin Romodanovskiy viza tartibini joriy etish tashabbusiga qo‘shilmaligini aytgan.