Bin Lodinning oilasi uning o‘limi tergov etilishini so‘ramoqda

Фото муаллифлик ҳуқуқи BBC World Service
Image caption Usama bin Lodinning to‘rtinchi o‘g‘li Umar bir necha bor otasining mafkurasidan yiroq turishini aytib kelgan

Usama bin Lodinning o‘g‘illari AQSh hukumatini "o‘zboshimcha qotillik"ni amalga oshirishda ayblashgan.

New York Times ro‘znomasiga berilgan bayonotda al Qoida rahbarining oilasi nima uchun o‘z otalari tirik holda qo‘lga olinmaganini so‘rashgan.

Ularga ko‘ra, Pokistonda 2 may kuni o‘tgan reydda qo‘lga olingan qarindoshlari ozod etilishi kerak.

Jihodchi veb sahifalardan birida paydo bo‘lgan boshqa bayonotda esa bin Lodinning dengizda dafn etilishi "uning oilasini kamsitadi va tahqirlaydi" deb aytilgan.

Usama bin Lodin AQSh maxsus kuchlari tomonidan Pokistonning Abbotobod shahridagi uyiga uyushtirilgan reyd chog‘ida otib o‘ldirilgandi.

AQSh rasmiylari bin Lodin qurollangan bo‘lmasada, amerika qo‘shinlariga taslim bo‘lish niyati borligiga ishora qilmaganini aytishgan.

Bosh Prokuror Erik Xoldek uning o‘ldirilishi qonuniy, hamda "milliy mudofaa chorasi" ekanini aytgan.

"Kamsitish" New York Timesda chop qilingan bayonot bin Lodinning to‘rtinchi o‘g‘li Umar bin Lodindan olingani aytilgan. U o‘tmishda o‘z otasining mafkurasidan yiroq turishini aytib kelgan.

U jasad yo fotografik dalillar yo‘qligi sababli o‘z oilasi otasining o‘lganiga ishonchi komil emasligini aytadi.

Ammo, agar u tirik bo‘lsa "nima uchun qurolsiz kishi hibsga olinmadi va barcha haqiqat butun jahon ahliga ayon bo‘lishi uchun mahkamaga tortilmadi" deb so‘raladi bayonotda.

Ular bin Lodinning o‘limi xalqaro qonunlarga zid bo‘lganini aytishadi, hamda Iroq Prezidenti Saddam Husayn va Serbiya Prezidenti Slobodan Miloshevichga mahkama huquqi berilganiga ishora qilishgan.

"Biz aminmizki, o‘zboshimcha qotillik siyosiy muammolarni hal qilmaydi, va har qanday jinoyat bo‘yicha mahkama qaror berishi kerak", deyiladi bayonotda.

Oila bin Lodin nima uchun "mahkamasiz qatl etilgani" bo‘yicha tergov o‘tkazilishi va uning uch ayoli va yetti farzandining ozod etilishini talab qilishgan.

Reyd chog‘ida hibsga olingan oila Pokiston xavfsizlik kuchlari nazorati ostida saqlanayotgani aytiladi.

Bayonotda, shuningdek, AQShning bin Lodinni dengizda dafn etish qarori uning oilasini diniy an‘analarga binoan dafn marosimini o‘tkazish huquqidan mahrum qilgani aytiladi.

Bayonotning biroz boshqacharoq versiyasi jihodchi vebsaytda chop qilingan.

Unda Prezident Barak Obama "otamizning qismatiga oydinlik kiritish" uchun "qonunan mas‘ul" ekanini aytiladi, va dengizda dafn etish "oilamizni va otamizning tarafdorlarini kamsitadi va tahqirlaydi" deyiladi.

AQSh prezidenti Pokiston hukumatini al Qoida rahbari qanday qilib Abbotobod harbiy shaharchasida ko‘zga tushmasdan yashab kelgani va rasmiylar bundan qanchalar xabardor bo‘lganini aniqlashga chaqirgan.

Pokiston Bosh Vaziri Yusuf Rizo Giloni Pokistonning bin Lodinga aloqasi borasidagi da‘volar "be‘mani gap" ekanini aytgan.