Yirik zilzila xavfi tufayli minglab odamlar Rimni tashlab chiqishmoqda

Image caption Ba‘zi shaharliklar odamlarga o‘ta gavjum Rimning biroz tinchishidan mamnunlar

Minglab odamlar Italiya poytaxti Rimda yirik zilzila yuz berishi borasidagi xavotirlar tufayli shaharni tashlab chiqishgan.

Vahimaga 1979 yilda olamdan o‘tgan seysmolog Raffayele Bendandining Rimni zilzila 11 mayda harobaga aylantiradi degan bashorati sabab bo‘lmoqda.

Bendandi Italiyaning fashist rahbari Benito Mussolini tomonidan 1927 yilda o‘zining meteorologik bashoratlari uchun ritsarlik unvoniga sazovor bo‘lgandi.

Aytilishicha, u sayyoralarning harakatiga qarab 1923 yilda mingga yaqin kishini o‘ldirgan zilzilani oldindan bashorat qilgan.

Vafotidan avval Bendandi 2011 yilning 11 mayida Rim butkul barbod bo‘lishi va 2012 yil mayida yana ikki fojiali voqealar yuz berishini aytgan.

Rasmiylar zilzilalarni avvaldan bashorat etib bo‘lmasligini aytishgan, televideniye orqali esa odamlarni osoyishtalikka chaqirgan maxsus dasturlar uzatilgan.

Lekin, ko‘p rimliklar "har ehtimolga qarshi" deya shaharni tashlab chiqishmoqda.

Shaharda ishlaydigan ishchilarning 18 foizi ishdan javob so‘rashgani aytiladi.

"Men boshlig‘imizga tibbiy ko‘rikdan o‘tishim kerak deya bir kunga ruxsat olmoqchiman", deydi mayxonada ishlaydigan Fabio Mengarelli

"Agar o‘lish vaqtim yetgan bo‘lsa, men xotinim va bolalarim bilan o‘lishni xohlayman. Minglab odamlar ham shunday fikrda", deydi u.

Yana bir katolik, Tanya Kotorobay, chorshanbani shahardan tashqaridagi dalada o‘tkazish niyati borligini aytadi.

"Bunga ishonamanmi yo‘qmi, bilmadim, lekin internetga qarasangiz shuncha gap-so‘z va qarama-qarshi fikrlar, bu meni qo‘rquvga solayapti", deydi u.

Boshqa odamlar esa bashoratga tanqidiy ko‘z bilan qarashmoqda va poytaxtning biroz tinchib qolishidan xursandlar.

"Buning bari be‘mani gap, lekin agar zilzila bo‘lsa balki bu yaxshi narsadir, chunki shahar biroz tozalanadi", deydi Augusto Kosta.

Franchesko Verselli esa Rimda zilzila bo‘lmasligi, chunki u Rim Papasining maskani ekaniga ishonadi. "Papa bo‘lgan joyda hech narsa bo‘lmaydi", deydi u.