Medvedev prezidentlik saylovlari yuzasidan 'tez orada' qaror olishini aytdi

Image caption Matbuot anjumanida ko‘pchilikka tinchlik bermagan asosiy savol - Medvedevning yangi prezidentlik saylovida qatnashishi yo qatnashmasligi yana javobsiz qoldirildi

Rossiya Prezidenti Dmitriy Medvedev qudratga kelganidan buyongi eng yirik matbuot anjumanini o‘tkazdi. Matbuot anjumanida 800 nafardan ortiq xorijiy va mahalliy jurnalistlar ishtirok etishgan.

Ikki soatdan ortiq davom etgan matbuot yig‘inida Medvedev janoblari navbatdagi prezidentlik saylovlari, korruptsiya, Rossiya tashqi va ichki siyosatiga oid qator savollarga javob qaytargan.

Sobiq prezident Vladimir Putin ushbu yillik matbuot anjumani an‘anasini boshlab bergan. Biroq uch yil muqaddam Medvedev janoblari vazifani qabul qilib olganidan beri ushbu an‘ana to‘xtab qolgandi.

Prezidentlik saylovlari borasidagi savol ochiq qoldi

Matbuot anjumanida ko‘pchilikka tinchlik bermagan asosiy savol - Medvedevning yangi prezidentlik saylovida qatnashishi yo qatnashmasligi yana javobsiz qoldirildi.

Prezident bu savolga javob berishning vaqti soati hali yetmagani, biroq qaror tez orada qabul qilinishini bildirdi.

Medvedev janoblari prezidentlik saylovlariga qatnashgan taqdirda oldin nomzodini ilgari surgan partiyalarga suyanishini aytdi.

Jurnalistlar Vladimir Putin va janob Medvedev o‘rtasidagi munosabatlarga qiziqishdi.

Dmitriy Medvedev Putin janoblari bilan hamfikr ekani, biroq hamma masalalarda ham yakdil emasliklariga ishora qildi.

Janob Medvedev prezident sifatidagi 3 yillik faoliyati davrida Rossiyaning xom ashyoga qaram bo‘lib qolgani va rossiyaliklar turmush sharoitlarini tubdan yaxshilay olmaganini o‘zining asosiy xatolaridan biri sifatida tilga oldi.

Ayni vaqtda Prezidentning bugungi va oxirgi paytlardagi chiqishlari ortidan Dmitriy Medvedev 2012 yil mart oyiga rejalangan saylovlarga nomzodini qo‘yishi borasida gap-so‘zlar kuchaygan.

Tashqi siyosat

Davlat rahbari Rossiya tashqi siyosatiga doir berilgan savollarga batafsil to‘xtaldi.

Jumladan, Medvedev AQSh va Ovro‘po davlatlariga qaraganda, Xitoy va Rossiya munosabatlari anchayin faol ekanligini urg‘uladi.

Bu ikki mamlakat o‘rtasida tovar ayirboshlash ko‘lami 60 milliard dollarga yetgani alohida qayd etildi.

Medvedev Suriya masalasida gapirarkan, agar BMT Suriya borasida ham Liviyaga nisbatan qabul qilingan rezolyutsiyaga o‘xshash hujjat qabul qiladigan bo‘lsa, Moskva uni qo‘llab-quvvatlamasligini ta‘kidladi.

Sobiq Sho‘ro davlatlari orasida Prezident Rossiya va Ukraina munosabatlariga to‘xtaldi.

Rossiya Ukrainaning Ovro‘po bilan integratsiyalashuviga qarshi emasligi, biroq Kiyev bu masalada aniq bir to‘xtamga kelishi lozimligini ta‘kidladi.

Medvedev Ukrainaning Ovro‘po bilan integratsiyalashuvga intilishini "ikki kemani boshini tutish" sifatida ta‘rifladi.