Сўнгги янгиланиш 19 май 2011 - 11:52 GMT

Taloqanda NATOga qarshi norozilik chiqishlari davom etmoqda

Seshanba kuni namoyishlar chog‘i kamida 12 kishi otib o‘ldirilgan

Afg‘oniston shimolidagi Taloqan shahrida yuzlab afg‘onlar ikkinchi kundirki, NATO reydlariga qarshi norozilik namoyishlarini davom ettirishgan.

Shahardan olinayotgan xabarlarga ko‘ra, xavfsizlik kuchlari namoyishchilarga qarata o‘t ochgan. Talofatlar haqida hozircha hech narsa deyilmaydi.

Taloqandagi aksil-NATO namoyishlari chorshanba kuni boshlangan va kamida 12 inson otib o‘ldirilgan. Odamlar chorshanbaga o‘tar kechasi Taloqan shahri yaqinidagi mintaqada NATO tomonidan amalga oshirilgan qurolli reyddan g‘azabga minganlar. Reyd chog‘i 4 inson hayotdan ko‘z yumgan.

NATO o‘ldirilganlarning barchasi isyonkorlar ekanini aytsa, mahalliy odamlar ular oddiy aholi vakillari bo‘lganlarini ta‘kidlashadi.

Prezident Homid Karzay NATO reydini qoralagan va Afg‘oniston hukumati NATOni qayta-qayta "bu kabi mas‘uliyatsiz amaliyotlar" yuzasidan ogohlantirganini aytgan.

Afg‘oniston hukumatiga ko‘ra, reyd NATO tarafidan birtomonlama amalga oshirilgan. Biroq, Afg‘onistondagi ittifoqchi bu afg‘on qo‘shinlari bilan birga uyushtirilgan qo‘shma amaliyot bo‘lgani va boshlanishidan oldin Tahor viloyati hokimi ogohlantirilganini ma‘lum qilgan.

NATO yetakchiligidagi missiyaning bildirishicha, Taloqan chetida amalga oshirilgan tungi reydda ikki ayol va ikki erkak o‘ldirilgan. Unga ko‘ra, ayollar qurollangan bo‘lishgan.

Afg‘onistonda ayol isyonkorlar haqida xabarlar oz, ammo mutlaqo yo‘q, deb bo‘lmaydi.

BBC muxbirlariga ko‘ra, tunggi reydlar odatda afg‘onlarning qattiq noroziligiga sabab bo‘ladi, lekin isyonkorlar qo‘mondonlarini topish hamda o‘ldirishda samarali usul sifatida ko‘riladi.

Биз билан боғланинг

* Тўлдириш шарт бўлган жойлар

(Кўпи билан 500 белги)

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.