Usama bin Lodin: 'Xotinlarimga gilamdo‘zlikni o‘rgatmoqchiman'

Фото муаллифлик ҳуқуқи nocredit
Image caption Usama bin Lodin 2 may kuni Pokistonda Amerika maxsus kuchlari tarafidan o‘ldirildi

Usama bin Lodin Amerika maxsus kuchlari tarafidan o‘ldirilishi ortidan uning shaxsiy hayoti va oilasi haqidagi savollar ham o‘rtaga chiqdi. Ma‘lumotlarga ko‘ra, Bin Lodinning 5 marta uylangan, ammo xotinlaridan 2 nafari bilan ajrashgan. Kamida 20 nafar farzandi bo‘lgani aytiladi.

U Abbottabaddagi uyda 3 xotini bilan birga yashagan.

Hozir Pokiston rasmiylari Amal bilan birga Xayriya Sabar va Siham Sabar ismli xotinlarini ham hibsda ushlab turishibdi. Ular birga Usama bin Lodinning bir necha farzandlari ham bor.

Otasining mafkurasidan yiroq turishini qayta-qayta takrorlab kelgan Bin Lodinning to‘rtinchi o‘g‘li Umar 2006 yil britaniyalik ayolga uylangan.

Ammo, uning yana ikki o‘g‘li Saad va Hamza otasining izidan borganlari va "Al-Qoida" tarmog‘ida faoliyat qilganlari aytiladi. Hozir ularning qayerda ekanlari noma‘lum qolmoqda.

'Bin Lodin ayollariga gilam to‘qishni o‘rgatadigan oila topishni so‘ragandi'

Afg‘onistonlik sobiq mujohidlardan biri, asli o‘zbek Qozi Muhammad Nazif Mustasaf Al-Qoida rahbari Usama bin Lodin bilan bir necha bor uchrashgan.

U ham Usama bin Lodinning uch xotini borligidan boxabar bo‘lganini aytadi.

"Mening eshitganim, uning uchta oilasi bor edi. Farzandlari 11 o‘g‘il, ikki qiz deb eshitganman. Ular Tolibon zamonida oilalari hammalari Qandahorda edi. Toliblar Qandahorning atrofida Maydoni Havoi degan bir joyni arablarga ajratib bergan edi, ular o‘sha mintaqada turishardi. Undan keyin ular Pokistonga ovora bo‘lib ketdilar", deydi sobiq mujohid BBC bilan suhbatda.

Фото муаллифлик ҳуқуқи Reuters
Image caption To‘rtinchi o‘g‘il Umar otasining g‘oyalaridan yiroq turishini aytib kelgan

Uning aytishicha, Usama bin Lodin uzoq yillar quvg‘inda yashagan esa-da, oilasi rishtalarini mahkam tutgan va qayerga bormasin oilasini o‘zi bilan birga olib yurgan.

"Bu odam Sudan borguncha ham oilalarini birga olib borgan ekan, mana Afg‘onistonga kelguncha ham birga olib kelgan. Xullas, har yoqqa ketgan paytda, shu oilasi ham birga qochib yurgan".

"Xotinlari hammasi arab edi. U mendan: "bir qolin to‘qiydigan o‘zbek yo turkman oilasi bo‘lsa, biz maosh beramiz, bizning xotinlarga qolin to‘qimoqni o‘rgatsa...siz olib kela olasizmi", deb so‘radi. Men: "Sizning turmushingiz urushu janjal bilan, bunga hech kim rozi bo‘lmaydi, na turkman va na o‘zbek oila bu sharoitga hozir bo‘lmaydilar", deb javob berdim", deya xotirlaydi Qozi Muhammad Nazif Mustasaf.

Shu bilan birga u Usama bin Lodinning o‘g‘illaridan ayrimlari bilan uchrashganini aytadi.

"Bir marta o‘g‘illaridan 4 tasini ko‘rganman. Ular ot boqardilar. Qandahorda ot minib, ot chopardilar. 15, 10, 25ga kirgan bolalar jihodga o‘zlarini bag‘ishlarini aytib, shu 4ta, 4ta ot minib ot chopardilar...shu o‘g‘il bolalarni ko‘rgandim..."

'Boshida sovchilarni rad qilganman'

Usama bin Lodinning xotinlari ichida eng kichigi Amal Ahmad Abdul Fatah bo‘lgan. Asli yamanlik Amal 1982 yilda tug‘ilgan.

Usama bin Lodin Amal 18 yoshga to‘lganida, 2000 yil unga uylangan. Ba‘zi matbuot xabarlariga ko‘ra, Amalning akasi Bin Lodin bilan birga Afg‘onistonda jang qilgan.

Yana bir xabarda aytilishicha, Amalning otasi boshida Usama bin Lodin jo‘natgan sovchilarga rad javobini bergan.

Фото муаллифлик ҳуқуқи BBC World Service
Image caption Amal Bin Lodinning eng kichik xotini bo‘lgan...

Ahmad Abdul - Fatah al - Saada Reyters agentligiga qizi Bin Lodinga 1999 yil, ya‘ni, 2001 yil, 11 sentyabr hujumlaridan ancha oldin turmushga chiqqanini aytgan. Ahmad Abdul - Fatah al - Saada o‘sha paytda Usama bin Lodinning Afg‘onistondagi Sho‘rolar qo‘shinlariga qarshi kurashayotgan isyonkorlarni dastaklaganidan boxabar bo‘lgan.

Saadaning Reytersga aytishicha, u sovchilar bir necha bor kelganlaridan so‘ng, 17 farzandidan biri Amalning Afg‘onistonga borib, Bin Lodin bilan turmush qurishiga rozilik bergan. O‘shanda Usama bin Lodin endi 40 yoshdan o‘tgan bo‘lgan.

Unga ko‘ra, Amalning o‘zi Usama bin Lodinga tegishga rozi bo‘lgan. Biroq, Saadaning ta‘kidlashicha, qizini bergani uchun Bin Lodindan biron tiyin ham olmagan.

Shuningdek, u Usama bin Lodin bilan hech qachon yuzma-yuz uchrashmagani, uning g‘oyalari va yo "Al-Qoida" tarmog‘iga xayrixoh bo‘lmaganini aytgan.

Amal Usama bin Lodindan Sofiya ismli bir qiz ko‘rgani aytiladi. 2 may kuni Amerika maxsus kuchlari ular yashab kelgan uyga hujum qilgan vaqti Amal ham o‘sha yerda bo‘lgani va erini himoyasi uchun tashlanganda oyog‘idan otilgan. Qizi Sofiya ham otasining o‘ldirilishiga guvoh bo‘lgani xabar qilindi.

Oq Uy voizi Jon Karney: "Bin Lodinning xotini Qo‘shma Shtatlar hujumchi askariga tashlangan va oyog‘idan otilgan, biroq o‘ldirilmagan", deb aytdi.

29 yoshli Amal hozir Pokiston hibsxonalaridan birida saqlanmoqda.

'Qizimni muallima tanlagan'

Saadaning aytishicha, qizi Bin Lodinlar doirasi bilan Islomiy maktabda o‘qib yurgan paytlari qo‘shilib qolgan. "Al-Qoida" rahbarining yordamchilaridan biri Rashid Muhammad Saidning xotini qizining muallimasi bo‘lgan.

"Rashid Muhammad Said rafiqasiga Bin Lodin uchun qiz tanlab berishni so‘ragan, chunki u Yamanlikka uylanishni istagan ekan. Muallima esa, mening qizimni tanlagan", deydi Amalning otasi.

Keyin u qizi bilan aloqani yo‘qotganini aytgan.

Фото муаллифлик ҳуқуқи BBC World Service
Image caption Usama bin Lodin ushbu uyda keyingi besh yil asnosida yashab kelgani aytiladi

"Biz uning qayerda ekani, qanday yashayotgani va yo nechta farzandli bo‘lganini bilmasdik. Onasi va akalaridan biri uning oldiga borib kelishini rejalagandik, ammo sentyabr hodisalari bu rejalarni chippakka chiqardi..."

Amal eng ko‘hligi va suyuklisi bo‘lgani, unga uylanish uchun Bin Lodin xotinlaridan biri bilan ajrashgani aytiladi. Chunki, Islomda faqat to‘rt xotin olishga ruxsat berilgan.

Pokistondagi Qo‘shma Shtatlar rasmiylari Bin Lodinning uch bevasi, jumladan Amalni ham so‘roq qilganlar. Ammo, AQSh rasmiylariga ko‘ra, ulardan juda oz yangi ma‘lumot olishga muvaffaq bo‘lingan.

Xabarlarga ko‘ra, Amal Usama bin Lodin bilan Abbottabad shahridagi uyda o‘tgan 5 yil asnosida yashab kelganlarini aytgan.

Amalning otasi esa, qizining amerikaliklar tarafidan so‘roq qilinganidan xavotir bildirgan va u o‘z vataniga qaytarilishi kerakligini ta‘kidlagan.

"Qizim faqatgina Usama bin Lodinning xotini bo‘lgan, boshqa narsa emas, uning "Al-Qoida" bilan aloqasi bo‘lmagan. Men uning begunohligiga ishonaman", deydi Ahmad Abdul - Fatah al - Saada Reyters agentligi bilan suhbatda.

Unga ko‘ra, Yaman Tashqi ishlar vaziri Amal va uning farzandlarini vataniga qaytarishga ko‘maklashishga va‘da bergan.

Ajdodlar yurti

Qo‘shma Shtatlar Yamandagi "Al-Qoida" bo‘limini dunyodagi eng faol terror tarmog‘i sifatida ko‘radi. Amerika hisob-kitoblariga ko‘ra, Bin Lodinning ajdodlari yurti sanalgan ushbu mamlakat ichkarisida 300ga yaqin jangchi bo‘lib, ular Yaman hukumatining qo‘li yetishi qariyb imkonsiz bo‘lgan tog‘li mintaqalarda sochilishgan.

AQShda tug‘ilgan asli yamanlik radikal ulamo Anvar al-Avlakiy "Al-Qoida" tarmog‘ining Arabiston yarim orolidagi rahbari ekani aytiladi.

Ba‘zi tahlilchilarga ko‘ra, Bin Lodinning o‘ldirilishi ortidan Avlakiy janoblari katta tahdid bo‘lib qolmoqda. Amerikada tug‘ilgan ushbu ulamo 2010 yil iyulida terrorchilar "qora ro‘yxati"ga kiritilgan va unga qarshi moliyaviy jazo choralari joriy etilgan.

Yaqinda Qo‘shma Shtatlar uchuvchisiz uchoqlari Anvar al-Avlakiyni nishonga olgani, ammo u bu hujumdan omon qolgani xabar qilingandi.

AQSh rasmiylariga ko‘ra, u 2009 yil 25 dekabrida Detroyt shahri uzra uchoqni portlatishga uringan nigeriyalik Umar Farrux Abdulmutallabni yollashga ko‘mak bergan.

Afg‘onistonda "Al-Qoida" jamlog‘ida tayyorlovdan o‘tganlarning ko‘plari 11 sentyabr hujumlaridan oldin Yamandan kelishgani aytiladi.

Ba‘zi xabarlarda Usama bin Lodin aftidan yamanlik muhim qavm bilan aloqa bog‘lash va u yerdan "Al-Qoida" uchun odam yollashni kuchaytirish maqsadida yamanlik qizga uylangani taxmin qilinadi.