AQSh prezidenti arab dunyosidagi o‘zgarishlarga befarq qarab turmaslikka va‘da berdi

Фото муаллифлик ҳуқуқи BBC World Service

AQSh Prezidenti Barak Obama arab davlatlaridagi avtoritar tuzumlarga qarshi norozilik harakatlariga mintaqada demokratik islohotlarni dastaklash harakatlarini kuchaytirish bilan javob berishlarini aytdi.

Barak Obama bu haqda AQSh Davlat departamentida irod qilgan nutqida bayon etdi.

Janob Obamaning chiqishi "arab bahori" manzarasida rasmiy Vashingtonning Yaqin Sharqqa oid yangi tashqi siyosatining bayoni sifatida kutilayotgandi.

O‘tgan yaqin oylar ichida arab dunyosida kuzatilgan ommaviy namoyishlar Tunis va Misrda avtoritar tuzumlarning qulashi, Liviyada mamlakat rahbari polkovnik Muammar Qaddofiyga qarshi qarshilik harakatlari bilan yakunlandi. Norozilik to‘lqini Suriya, Yaman va Bahraynni ham chetlab o‘tmadi.

AQSh prezidentining aytishicha, mamlakati va arab dunyosi iqtisodiy va xavfsizlik kabi omillar, shuningdek, tarix va taqdir taqozosi bilan bir-biriga bog‘langandir.

Barak Obamaga ko‘ra, "arab bahori" "Amerika diplomatiyasida yangi sahifa ochadi".

Ammo qator arab davlatlarida olib borilgan ommaviy so‘rov natijalari u yerda Amerikani xush ko‘rmasliklarini ko‘rsatgan.

Deylik, Misrda Amerika mamlakatning sobiq prezidenti Husni Muborakning tuzumini dastaklab kelgan davlat sifatida ko‘rilarkan.

Bizga tujjorning qadri baland

AQSh prezidenti o‘z nutqida ilk arab inqilobiga turtki bergan tunislik tujjorning poraxo‘r mulozimlarning o‘zboshimchaliklariga norozilik bildirib, o‘ziga o‘t qo‘yishi hodisasini ham tilga oldi.

"Biz uchun hozir tarixiy imkoniyat tug‘ildi. Biz Amerika uchun diktatorning oshkora qudratidan ko‘ra, ko‘chada sabzavot sotuvchi oddiy bir tunislik tujjorning qadri balandroq ekanini amalda ko‘rsatishimiz mumkin," deb bayon qildi janob Obama.

Amerika rahbariga ko‘ra, rasmiy Vashingtonning mavjud vaziyatni shu holicha saqlashga bo‘lgan urinishi Yaqin Sharqda mamlakatining obro‘sini to‘kkan.

Barak Obama arab inqiloblari ish bergan Tunis va Misrga har tomonlama iqtisodiy yordam berishga ham va‘da berdi. O‘z o‘rnida, Misrning kattagina qarzidan voz kechishlarini ham aytdi.

AQSh prezidenti o‘z nutqida o‘tgan ikki oy ichida ommaviy norozilik namoyishlarini kuch bilan bostirib kelayotgan Suriya rahbariga ham murojaat qildi.

Janob Obama Suriya rahbari Bashar al-Assadning ixtiyorida ikkita tanlov borligi: Yo demokratik islohotlarga boshchilik qilishi yoki yo‘ldan qochishi lozimligini aytdi.

Suriya hukumati namoyishchilarni o‘qqa tutishni bas qilib, tinch namoyishlarga ruxsat berishi lozim, dedi Amerika rahbari.

Prezident Obama arab dunyosida kechayotgan g‘alayonlar manzarasida Isroil va Falastin mojarosining yechim topishi muhimligini ham urg‘uladi.

U 1967 yilgi chegaralar asosida Falastin davlatini barpo etish taklifini ilgari surdi.

Ammo Isroil tomoni keskin bayonot bilan chiqib, bu g‘oyaning "yaroqsizligi", o‘sha paytdagi chegaralarning xavfsizligini ta‘minlash imkonsiz ekanini aytdi.

Muxbirimiz Mark Mardellning aytishicha, AQSh prezidenti oldida turgan vazifa oson bo‘lmagan.

Chunki amalda AQShning manfaatlaridan kelib chiqib, har bir arab davlatiga nisbatan mavqei turlicha bo‘lgani holda, rasmiy Vashingtonning arab dunyosiga oid yagona siyosatini belgilashi zarur edi, deydi muxbirimiz.