Сўнгги янгиланиш 23 май 2011 - 12:32 GMT

Pokiston armiyasi Karachidagi harbiy bazada jangarilarni qidirmoqda

Pokiston hukumatidagi manbalarga ko‘ra, mamlakat qo‘shinlari Karachi shahridagi Mehron harbiy dengiz bazasini jangarilardan tozalash amaliyotini nihoyasiga yetkazganlar.

Armiya hozirda bazaga hujum qilgan jangarilarni qidirish ishlarini olib bormoqda.

Mehron harbiy dengiz bazasiga jangarilar tomonidan uyushtirilgan qurolli hujumda kamida 12 hukumat askari halok etilgan.

Xabarlarga ko‘ra, qurolli hujumchilar dushanbaga o‘tar kechasi Mehron bazasiga hujum qilib, ko‘plab insonlarni garovga olganlar.

Ba‘zi jangarilarning haliyam bazada bo‘lishi mumkinligi aytiladi.

Pokistondagi Tolibon harakatining aytishicha, mazkur hujum al-Qoida rahbari Usama Bin Lodinning o‘ldirilishi uchun intiqomdir.

Usama Bin Lodin 2-mayga o‘tar kechasi Amerika maxsus kuchlari amaliyotida o‘ldirilgandi.

"Bu Usama Bin Lodinning shahid ketishi uchun intiqom amalidir. Bu amal bizning haliyam birlashgan va qudratli ekanimiz isbotidir," - deb aytgan Tolibon vakili Ehsonulloh Ehson Reyter axborot agentligiga.

Usama Bin Lodin halok etilganidan buyon Tolibon Pokiston va Afg‘onistonda bir necha qurolli hujum uyushtirdi.

Yoqib yuborilgan uchoqlar

Bu Usama Bin Lodinning shahid ketishi uchun intiqom amalidir. Bu amal bizning haliyam birlashgan va qudratli ekanimiz isbotidir

Tolibon vakili Ehsonulloh Ehson

Pokiston rasmiylariga ko‘ra, yakshanbada mahalliy vaqt bilan tungi 22:30 larda jangarilar Mehron bazasidagi harbiy uchoqlar joylashgan uchta angarga hujum qilganlar.

Guvohlar so‘zlariga ko‘ra, jangarilar bir necha harbiy uchoqni yakson qilish uchun granatamyotlarni ishlatganlar.

Qiymati bir necha million dollarga teng uchoqlardan kamida ikkitasi yoqib yuborilgani xabar qilinadi.

So‘ngra jangarilar harbiy baza markaziga hujum qilib, bir necha dengizchini halok etganlar.

Bir muddat o‘tib harbiy dengiz kuchlarining maxsus guruhi jangarilarga qarshi amaliyotni boshlagan.

Guruhga yordam berish uchun yana o‘nlab qurollangan askarlar kelishgan.

Rasmiylar ma‘lumotiga ko‘ra, jangarilardan ba‘zilari halok etilgan.

Jangarilarning qolgani baza ichkarisidagi bir necha harbiy xodimni jumladan xitoylik harbiylarni garovga olganlar.

Tongga yaqin otishma ortidan uchta kuchli portlash ovozi eshitilgan.

Биз билан боғланинг

* Тўлдириш шарт бўлган жойлар

(Кўпи билан 500 белги)

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.