Belgrad hakami Ratko Mladichni Gaagaga ekstraditsiya etishga qaror qildi

Фото муаллифлик ҳуқуқи AP

Belgradlik shifokorlar Ratko Mladich Gaagadagi urush jinoyatlari tribunaliga jo‘natilishi borasidagi mahkamada ishtirok etishga naqadar qodir ekanini hal qilishlari kutiladi.

Oltmish-to‘qqiz yoshli bosniyalik serb qo‘mondonining mahkamasi advokat o‘z mijozi “yomon jismoniy holda” ekanini aytishi ortidan to‘xtatilgan.

Uning himoyachisi Milosh Saljich mahkama chog‘ida General Mladich gapira qolmay qolganini da‘vo qildi.

Unga ko‘ra, Mladichga tibbiy yordam ko‘rsatish zarur va uni bu holda hech qayerga ko‘chirib bo‘lmaydi.

Serb matbuotidagi xabarlarga ko‘ra, Mladichning bir qo‘li falajlangan, va bu yurak huruji oqibati deya baholanmoqda.

Advokat Saljichning aytishicha, “U hibsga olinganini biladi, qayerda ekanini ham biladi, ammo Gaaga tribunalini tan olmaydi”.

Payshanba kuni 16 yillik qidiruvdan so‘ng qo‘lga olingan General Mladich 1992-95 Bosniya urushida genotsidni amalga oshirganlikda ayblanadi.

Uning Gaagaga ekstraditsiya qilinishiga bir hafta ketishi mumkin.

General Mladich Gaagadagi BMT urush jinoyatlari tribunali tomonidan 1995 yilda Srebrenitsa shahrida 7500 bosniyalik musulmon erkak va bolalarni o‘ldirishda ayblanadi. Bu Ikkinchi Jahon Urushidan beri Ovro‘poda yuz bergan eng dahshatli jinoyat hisoblanadi.

Serbiya poytaxti Belgradda bemalol yashab kelgan Mladich 2001 yilda sobiq Yugoslav Prezidenti Slobodan Miloshevich hibsga olinishi ortidan g‘oyib bo‘lgandi.

2008 yilda Bosniya serblarining sobiq rahbari Radovan Karadjich hibsga olinar ekan, General Mladich qidiruvda bo‘lgan eng muhim bosniyalik urush jinoyatlari gumondoriga aylangan.

Uning hibsga olinishi xalqaro sahnada olqishlandi.

Serbiya hukumati General Mladichni hibsga olish va Gaagaga topshirish borasida qattiq xalqaro bosim ostida qolib kelayotgandi.

Hibs ortidan hukumati Mladichparast namoyishlarni bartaraf qilish ilinjida har qanday ommaviy yig‘ilishlarni man qildi.

Lekin yuzlab o‘ta millatchi serbiyaliklar shimoldagi Noviy Sad shahrida politsiya bilan to‘qnashdilar.

Poytaxt Belgrad markazida ham o‘nlab namoyishchilar ishtirok etgan kichik piket bo‘lgani xabar qilinadi.

Payshanba kuni Serbiya televideniyesi sobiq generalni beysbol shapkasini kiygan va Belgraddagi mahkamada ishtirok etish uchun sekin yurayotgan holda namoyish qildi.

Serbiya prezidenti Boris Tadich General Mladichning hibsga olinishi Serbiya va mintaqani yarashuv tomon yanada yaqinroq siljitganini, va Ovro‘po Ittifoqiga a‘zolik eshiklarini ochganini aytdi.