Rossiya: Ural g‘arbida joylashgan harbiy omborxonaga o‘t ketdi

Payshanba oqshomida Ural mintaqasi g‘arbida joylashgan Udmurtiyaning 102-qurol-yaroq omborxonasiga o‘t ketishi va omborxonadagi o‘q-dorilarning portlashi ortidan atrof hududlardan 30 ming odam xavfsiz joylarga ko‘chirilgan.

Udmurtiya Sog‘liqni saqlash vazirligi tarqatgan so‘nggi ma‘lumotga ko‘ra, ikki odam halok bo‘lgan.

Jabr ko‘rganlarning umumiy soni 45 odamni tashkil etgan, ulardan 18 nafari shifoxonaga yotqizilgan.

Yong‘in natijasida yuzlab uylarning zarar ko‘rgani xabar qilinadi.

Rossiya televideniyesi vide lavhasida qurol-yaroq omborxonasida yuz bergan portlash ortidan o‘t ichida qolgan harbiy baza namoyish etilgan.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi maxsus bo‘linmalari yong‘inni o‘chirishga harakat qilmoqdalar.

Qutqaruvchilar uchoqlar va tikucharlardan foydalanishmoqda

Yong‘in yuz bergan joyda ikki robot ishlamoqda: biri yong‘inni o‘chirish, ikkinchisi minalarni zararsizlantirish bilan shug‘ullanmoqda.

Rossiya Mudofaa vazirligi axborot departamenti boshlig‘i so‘zlariga ko‘ra, hozirga kelib, portlashlar sur‘ati ancha sustlashgan.

Portlashlar tufayli temir va avtomobil yo‘llari berkitilgan.

Harbiylar so‘zlariga ko‘ra, omborda idora etilmaydigan "Grad" rusumli raketa snaryadlari va o‘q-dorilar saqlangan.

Mudofaa vazirligi vakilining aytishicha, omborxonadagi raketalar zararsizlantirilgan.

Ba‘zi xabarlarga ko‘ra, yong‘in tashlandiq sigaretdan o‘t olgan bo‘lishi mumkin.

Rossiyada bir hafta ichida ikkinchi harbiy qurol-yaroq omboriga o‘t ketmoqda.

May oyi oxirida Boshqirtistondagi harbiy bazada porlash yuz bergandi.