Suriya qurolli kuchlari yirik jangga hozirlik ko‘rishmoqda...

Image caption 120 nafar xavfsizlik kuchlari a‘zolarining qanday qilib o‘ldirilgani hanuz ma‘lum emas

120 nafar xavfsizlik kuchlari a‘zosining "qurolli to‘dalar" tomonidan o‘ldirilishi ortidan, Suriya Qurolli kuchlari shimoliy Jisr al-Shug‘ur shahriga hujum uyushtirishga hozirlik ko‘rmoqda.

Suriya hukumati shaharda tartib o‘rnatish uchun bor kuchini ishga solishini aytmoqda.

Jisr al-Shug‘ur shahri aholisi Facebook ijtimoiy muloqot tarmog‘i orqali tashqi dunyoga yordam berishlarini so‘rab, murojaat etishgan.

Ularning so‘zlariga ko‘ra, "tuzumning qurolli to‘dalari" shaharni bosib olishga hozirlik ko‘rishmoqda va ular ko‘p qon to‘kilishidan xavotirdalar.

Suriya davlat televideniyesi bergan xabarlarga qaralsa, ko‘plab shaharliklar o‘z turar-joylarini tashlab chiqib, qo‘shni Latakia shahriga qochib o‘tishgan.

Televizor orqali ko‘rinish bergan Suriya Ichki ishlar va Axborot vazirlari esa, armiya faqat o‘z vazifasini bajarishi, shaharda tartib o‘rnatish bilangina cheklanishini aytishgan.

Jisr al-Shug‘urda aynan nimalar yuz bergani va 120 nafar xavfsizlik mulozimi qanday qilib o‘ldirilgani tafsilotlari ma‘lum emas.

Dushanba kuni kommunikatsiya vositalari uzib qo‘yilgani bois, shahar bilan bog‘lanishning iloji yo‘q va xorijiy jurnalistlarning Suriyada faoliyat olib borishlari ham taqiqlangan.

Suriya hukumatiga ko‘ra, xavfsizlik kuchlari a‘zolari qurolli to‘dalar tomonidan o‘ldirilgan.

Faollar nima deydi?

Facebookda Jisr al-Shug‘ur aholisi nomidan chop etilgan bayonotda katta sondagi xavfsizlik kuchlarining o‘ldirilishi qoralanadi.

Bayonotda yuz bergan hodisa yuzasidan zudlik bilan shaffof tekshiruv ishlari olib borilishiga da‘vat etiladi.

Ular hukumatning "qurolli to‘dalar" degan so‘zlariga qo‘shilmasliklari, faqat tinch namoyishlar o‘tkazish maqsadida ekanliklarini ham bayon qilishgan.

Namoyishchilarga ko‘ra, ba‘zi bir askarlar odamlarga qarshi o‘t ochishdan bosh tortishgani uchun, xavfsizlik kuchlarining o‘zlari ularni otib tashlashgan.

Ayrim xabarlarga ko‘ra, xavfsizlik kuchlarining orasida norozilik kelib chiqqan.

Lekin, nima bo‘lgan taqdirda ham, Suriya hukumati yuz bergan hodisaga bor kuchi va qat‘iyati bilan javob berishini aytmoqda.

Ayni o‘rinda shuni ham eslatib o‘tish joizki, Jisr al-Shug‘urda 1980 yilda yuz bergan Islomiy qo‘zg‘olon ham marhum prezident Hofiz al-Assad tomonidan shafqatsizlarcha bostirilgandi.

Xalqaro hamjamiyat-chi?

Image caption Frantsiya Tashqi ishlar vaziri Alan Jupe janoblari

Frantsiya Rossiyaning veto qo‘yishi ehtimoliga qaramay, Birlashgan Millatlar Xavfsizlik Kengashidan rasmiy Damashqni qoralovchi rezolyutsiya yuzasidan ovoz berishni so‘rashga tayyor ekanini aytmoqda.

Vashingtonda so‘zlarkan, Frantsiya Tashqi ishlar vaziri Xavfsizlik Kengashining 15 a‘zosi "Rossiyani fikridan qaytarishga" muvaffaq bo‘lishadi, degan ishonchda ekanliklarini bildirgan.

"Biz rezolyutsiyani yoqlovchi 11 ta ovozni qo‘lga kiritolamiz, degan fikrdamiz, rossiyaliklarning nima qilishlarini esa ko‘ramiz," deb aytgan Alan Jupe janoblari.

Rezolyutsiya loyihasi Frantsiya, Britaniya, Olmoniya va Portugaliya tomonidan ishlab chiqilgan.

Suriya Misr yoki Liviyadan nimasi bilan farq qiladi?

Suriya inqirozini murakkablashtiruvchi bir qancha faktorlar bor.

Prezident Bashar al-Assad Suriya jamiyatining deyarli barcha qatlamlarida, ayniqsa, milliy ozchiliklar, o‘rta sinf va biznes elitasi orasida kuchli dastakka ega.

Shu sababdan ham, uning tuzumi qulasa, Suriyada fuqarolar urushi boshlanib ketadi, degan xavotirlar ham yo‘q emas.

Bundan tashqari, Suriya aholisi sunniy( 75 %), nasroniy (10 %), druz (3 %) va shia (3%) kabi turli din vakillaridan tashkil topgan.

Shu bois, hatto, jiddiy islohotlar talabida bo‘lgan aksariyat ham ularni olib borish uchun prezident al-Assadga ko‘proq vaqt berishni ma‘qul ko‘rishadi.

Bundan tashqari, Suriya qurolli kuchlari Misrdagi kabi tuzum bilan apoq-chapoq emas.

Ulardan aksariyati alaviy shialardan iborat.

Harbiylar esa, o‘z qudratlari va obro‘lari uchun jon-jahdlari bilan kurash olib borishadi.