G‘arb va Arab davlatlari Liviya kelajagini mubohasa etishadi

Фото муаллифлик ҳуқуқи BBC World Service
Image caption AQSh Davlat kotibasi Hillary Clinton ham yig‘inda ishtirok etadi

G‘arb va Arab davlatlari Birlashgan Arab Amirligida to‘planib, agar Polkovnik Qaddofiy qudratdan ketadigan bo‘lsa, Liviyadagi hodisalar qanday rivojlanishi mumkinligi mubohasa etishadi.

Kontakt guruhi deb nom olgan ittifoq isyonkorlarga ko‘maklashish uchun jamg‘arma tashkil etishga va‘da berishi kutilmoqda.

Britaniya, Frantsiya, Qo‘shma Shtatlar hamda Iordaniya, Quvayt va Qator kabi arab ittifoqchilarni birlashtirgan Kontakt guruhi payshanba kuni kechda Abu Dabida uchrashadi.

Qo‘shma Shtatlar Davlat kotibasi Hillari Klinton allaqachon Birlashgan arab Amirligiga yetib borgan.

Yig‘in oldi Reyters axborot agentligiga gapirgan AQSh rasmiylaridan biri xalqaro hamjamiyat Liviyadagi qarama-qarshilikni nihoyalash yo‘llarini mubohasa qilishini aytgan.

"Bu qandaydir otashkesim kelishuvi va siyosiy jarayon...va albatta Qaddofiy, ehtimolki, uning oilasi borasidagi savollarni o‘z ichiga oladi", deya qo‘shimcha qilgan nomini oshkor qilishni istamagan Amerika rasmiysi.

Yig‘in NATO Tripolidagi nishonlarga qarshi havo hujumlarini kuchaytirgan paytga to‘g‘ri kelgan.

Ayni paytda Misrata shaharida hukumat qo‘shinlariga qarshi kurashayotgan isyonkorlardan 14 nafari nobud bo‘lgani xabar qilinadi.

Tibbiyot xizmati rasmiylari va isyonkorlar voizi hukumat kuchlari og‘ir artilleriya bilan hujumga tutishi ortidan yana 20dan ortiq kishi yaralanganini aytgan.

Hodisalarning boshqa bir rivojida Urush jinoyatlari xalqaro tribunali Bosh prokurori Polkovnik Qaddofiy isyonkorlarga qarshi urushda qurol o‘laroq yuzlab ayollarni zo‘rlashga buyruq berganiga oid dalillar borligini aytgan.

Jenevada BMT Inson huquqlari kengashi har ikki tomon - hukumat qo‘shinlari va isyonkorlar tarafidan inson huquqlarini toptalishiga oid hisobotni mubohasa etishi kutilmoqda.