Ayman al-Zavohiriy "Al Qoida" rahbari etib tayinlandi

Фото муаллифлик ҳуқуқи AP
Image caption Ayman al Zavohiriy "Al Qoida"da ikkinchi shaxs deb ko‘rilgan

"Al Qoida" bosh qo‘mondonligi chiqargan bayonotga ko‘ra, Usama bin Lodinning o‘limi ortidan guruhga Ayman al Zavohiriy rahbar etib tayinlangan.

Bin Lodin 2 may kuni Qo‘shma Shtatlar maxsus kuchlari tarafidan o‘ldirilgandi.

Bayonotda "Al Qoida" "Shayx Ayman al Zavohiriy guruhning amiri" sifatida qabul qilinishi aytilgan.

Ayni paytda "Al Qoida" tashkiloti Zavohiriyning rahbarligida Qo‘shma Shtatlar va Isroilga qarshi jihodini davom ettirishi bilan ogohlantirgan.

Ayrim ekspertlar Ayman al Zavohiriyni 2001 yil 11 sentyabr hujumlari ortida turgan asosiy shaxslardan biri bo‘lganiga ishonadilar.

U yillar davomida Bin Lodinning o‘rinbosari bo‘lib kelgan va bir haftagina oldin Usama bin Lodin qabridan turib ham Qo‘shma Shtatlarni "dahshatga solishda" davom etishini aytgandi.

Xavfsizlik masalalari bo‘yicha tahlilchilar Zavohiriy katta ehtimol bilan Afg‘oniston-Pokiston chegara mintaqasida yashiringan bo‘lishi mumkinligini ta‘kidlab kelishadi.

Biroq, Bin Lodin va jangarilarning boshqa asosiy rahbarlari ham avval chegara hududlarda ekanlariiga ishonilgan, keyin ularning izlari Pokistonning shaharlaridan topilgandi.