Suriya inqirozi: Tanklar shimoliy shaharlar tomon borishmoqda

Фото муаллифлик ҳуқуқи AP

Suriya qo‘shinlari tanklar, zirhli avtoulovlar va avtobuslarda mamlakat shimolida joylashgan ikki shaharcha tomon borishmoqda.

Xavfsizlik kuchlari Damashq va Aleppo o‘rtasidagi Xon Sheyxun va Marat al Numonda to‘planishayotgani xabar qilinadi.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun Suriyani qon to‘kishni to‘xtatish va "xalqni o‘ldirishni bas qilish"ga undagan.

BMTga ko‘ra, o‘tgan uch oydan beri Suriya hukumati norozilik namoyishlarini kuch bilan bostirishi jarayonida kamida 1,100 inson nobud bo‘lgan.

Suriya inson huquqlari faollari Suriyada nobud bo‘lganlari soni 1,297 nafar ekanini aytishadi. Ammo, Suriya hukumati xorijiy jurnalistlar, jumladan, BBC muxbirlarini ham mamlakatga qo‘ymagan va u yerdan kelayotgan xabarlarni mustaqil manbalardan tasdiqlash imkonsiz qolmoqda.

Ayni paytda Ovro‘po hukumatlari Suriya hukumatiga qarshi rezolyutsiya loyihasi uchun kampaniya olib borishmoqda. Ammo, ular bu ishda Rossiya va Xitoyning qarshiligiga duch kelishadi. Ikki mamlakat ham Prezident Asadga qarshi har qanday BMT qaroriga veto qo‘yish huquqiga ega.

Prezidentning yaqini o‘z biznesidan voch kechmoqda

Davlat televideniyesi payshanba kuni kechda Prezident Bashar al-Asadning qarindoshi Romi Maxluf o‘z biznesidan voz kechayotgani va o‘z daromadlarini xayriyaga berayotganini aytgan.

Televideniyega ko‘ra, mablag‘lar mamlakat iqtisodini dastaklash va ish o‘rinlari yaratishga sarflanadi. Shu bilan birga u shaxsiy manfaat keltiradigan biron bir yangi loyihaga aralashmasligi aytilgan.

Prezident Asadning xolavachchasi Rami Maxluf Suriya iqtisodidagi eng qudratli shaxs sanaladi.

U davomli ravishda korruptsiya va tanish-bilishchilikda ayblab kelingan va Suriyada norozilik chiqishlari ishtirokchilari aynan uning biznesi nishonga olishgan.

Bosim ortib bormoqda

BBCning Bayrutdagi muxbiri Jim Muyrning xabar qilishicha, Suriya elitasiga tegishli bo‘lgan janob Maxluf kabi qudratli shaxsning o‘z biznesidan voz kechishi haqida e‘lon qilishi tuzum katta bosim ostida ekanini anglayotgani alomatidir.

Maxluf janoblari Ovro‘po Ittifoqi jazo choralari e‘lon qilingan Suriya rasmiylaridan biri bo‘lib, uning ham bank hisoblari muzlatilgan va sayohat qilishiga cheklovlar kiritilgan.

Prezident Asad oilasining 40 yillik hukumronligi yirik tahdidga yuz tutmoqda. Mamlakat janubidan boshlangan notinchliklar hozir Turkiya chegarasi yaqinidagi shimoliy mintaqalarni qamrab olmoqda va sharqqa - Iroq bilan chegarasi tomon yoyilish xavfi bor.

Davlat televizioni qo‘shinlar Damashq va Aleppo o‘rtasida asosiy yo‘l bo‘yidagi Marat al-Numon shaharchasi tarafga ketayotgani aks etgan tasvirlarni namoyish etgan.

Shaharcha janubi-sharqiy Jisr al-Shug‘ur shaharchasidan 40 chaqirimcha uzoqda joylashgan.

Davlat televizioniga ko‘ra, janub tarafda joylashgan Xon Sheyxunga ham armiya kuchlari yo‘llangan. Ular "qurolli terrorchi tashkilotlar" shohyo‘lni uzib qo‘yishlariga yo‘l qo‘ymaslik uchun borishmoqda.

Rasmiylar Marat al-Numonda xavfsizlikni qayta tiklash uchun "cheklangan ko‘lamli harbiy amaliyotlar"ni rejalashmoqda. Suriya Inson Huquqlari Kuzatuv idorasiga ko‘ra, qo‘shinlar yaqinlashgan sari shaharchani minglab odamlar tashlab chiqishmoqda.

Shohidlarning BBC Arab Xizmatiga aytishlaricha, shaharchadagi 90, 000 aholidan 7 mingga yaqini bosh olib ketgan.

Ayni vaqtda, xabarlarga ko‘ra, Turkiya rasmiylari Suriya bilan chegaraning narigi tarafida qolib ketgan minglab odamlarga oziq-ovqat, toza ichimlik suvi, dori-darmon va boshqa zaruriy ko‘maklar yetkazishga hozirlik ko‘rishmoqda.

Mazkur reja Tashqi Ishlar Vaziri Ahmed Dovuto‘g‘li tarafidan e‘lon qilingan. Bundan oldin u Prezident Asad yo‘llagan vakil bilan muzokaralar olib borgan.

"Biz ehtiyot choralarini ko‘rmoqdamiz va chegaraning Suriya tarafidagi 10 mingga yaqin odam insonparvarlik yordami bilan ta‘minlanadi", deb aytgan Ahmed Dovuto‘g‘li.