BBC O‘rinboy Usmonni ozod etish talabi bilan Londonda namoyish o‘tkazmoqda

Londonda BBC jurnalistlari hibsgdagi tojikistonlik hamkasblarini ozod etish talabi bilan namoyish o‘tkazishmoqda.

bu yerga bosing O‘rinboy Usmon BBC Fors Xizmati xabarlarida

bu yerga bosing O‘rinboy Usmon BBC Rus Xizmati xabarlarida

bu yerga bosing O‘rinboy Usmon BBC Qirg‘iz Xizmati xabarlarida

O‘n kundan buyon Xo‘jand Milliy Xavfsizlik Xizmati hibsxonasida saqlanayotgan O‘rinboy Usmon bugun Ichki ishlar Vaqtinchalik Saqlash Izolyatoriga o‘tkazilgan.

Shu hafta unga nisbatan ekstremist tashkilotga aloqadorlik ayblovi qo‘yildi.

BBC janob Usmonovning faoliyati ta‘qiqlangan Hizb ut-Tahrir firqasiga a‘zo ekani haqidagi da‘volar mutlaqo asossizligini aytadi.

Hibsga olinishidan bir haftadan ko‘proq vaqt o‘tib O‘rinboy Usmonga ilk bor o‘z oila a‘zolari bilan yarim soatga uchrashishga ruxsat berildi.

Janob Usmonovning ayoli Malohat Abduazimova BBCga o‘z turmush o‘rtog‘ini ko‘rgan payti hayratga tushganini aytdi.

"Men uni zo‘rg‘a tanidim, " - dedi u. - "Qandaydir so‘lib, qurib qolganlar. Ranglari oqarib ketgan.... Qo‘l cho‘za olmaydilar. Akalari bilan zo‘rg‘a so‘rashdilar."

Malohat Abduazimova qand va yurak xastaligi bilan og‘rigan O‘rinboy Usmonning ahvolidan nihoyatda tashvishda ekanini aytadi.

Hibsda ekan xavfsizlik xizmatlari ikki mahalliy jurnalistga O‘rinboy Usmon bilan uchrashishga izn berganlar.

O‘z maqolasida mazkur jurnalistlardan biri janob Usmonovning Hizb ut-Tahrir guruhiga aloqadorligi haqidagi rasmiy da‘volarni takrorlagan.

BBC bayonot chiqarib, mazkur maqolani tergov tartib-qoidalari va aybsizlik prezumtsiyasining jiddiy buzilishi deya qoraladi.

BBC shuningdek turli qarashdagi insonlar bilan suhbatlashish va barcha manbalarni maxfiy tutish haqidagi jurnalistlar huquqlarini himoya qilib chiqdi.

Janob Usmonov Hizb ut-Tahrir a‘zolari bilan o‘z kasbiy faoliyati doirasida uchrashgani va Markaziy Osiyoda faol bo‘lgan ushbu firqa haqida xabarlar tarqatganini aytgan.

Matbuot ozodligini targ‘ib etuvchi xalqaro tashkilotlar O‘rinboy Usmonovning hibsga olinishini keskin qoralaganlar.

Ularga ko‘ra, jurnalistning hibsga olinishi qaltis siyosiy va diniy mavzularni yoritishni senzura qilishga qaratilgan urinishdir.

O‘rinboy Usmonov 13 iyun kuni hibsga olingandi.

Yaqinlariga ko‘ra, uyi tintuv qilinar ekan ular O‘rinboy Usmon yuzida qiynoq izlarini ko‘rganlar.

Britaniya va Amerika hukumatlari hamda Ovro‘po Ittifoqi Dushanbe rasmiylaridan O‘rinboy Usmon ishiga oydinlik kiritishni talab qilganlar.

BBC janob Usmonovni darhol ozod etish haqidagi chaqiriqlarini davom ettirmoqda.