Obama Afg‘onistonda AQSh qo‘shinlari sonini qisqartirishga buyruq berdi

Фото муаллифлик ҳуқуқи BBC World Service

Prezident Barak Obama Afg‘onistondan joriy yilda 10 ming va kelgusi yilda 23 ming nafar AQSh harbiylari olib chiqilishini e‘lon qildi.

Janob Obama "bu urushni tugatish yo‘lidagi say harakatimiz ibtidosi, ammo intihosi emas," deb aytdi.

Afg‘onistonda kamida 68 ming AQSh qo‘shinlari qoladi.

Agar Afg‘oniston milliy armiyasi xavfsizlikni o‘z zimmasiga olishga tayyor bo‘lsa, AQShning barcha jangovar kuchlari bu mamlakatdan 2013 yilgacha chiqib ketishi rejalashtirilgan.

Tolibon harakati "ishg‘olchi kuchlarga qarshi jihod" Afg‘onistondan barcha ajnabiy kuchlar chiqib ketguniga qadar davom etishini aytgan.

Tolibon harakati Barak Obama bayonotini "ramziy" deb atagan.

"Afg‘oniston Islomiy Amirligi afg‘on inqirozi yechimi barcha xorijiy qo‘shinlarning darhol chiqib ketishiga bog‘liq ekanini yana bir bor bildirib qo‘ymoqchi, aks holda bizning qurolli kurashimiz kundan-kunga kuchayib boraveradi," deya ta‘kidlanadi Tolibon chiqargan bayonotda.

Afg‘onistonda AQSh qo‘shinlari sonining qisqarishi harbiy qo‘mondonlar taklif qilganidan qisqaroq muddatda va kengroq miqyosda amalga oshiriladigan.

AQSh harbiy qo‘mondonlari Prezident Obamaga yaqinda o‘rnatilgan xavfsizlik nisbiy ekanini aytib, qo‘shinlar sonini 2013 yilga qadar qisqartimaslikni so‘raganlar.

Ularga ko‘ra, bu AQSh qo‘shinlariga Tolibon isyonchilariga qarshi yana bir "urush mavsumini" o‘tkazish imkonini beradi.

Muxbirlar so‘zlariga ko‘ra, Afg‘onistonda AQSh qo‘shinlarini ushlab turish uchun 2 milliard dollarning sarflanayotgani Amerika Kongressi a‘zolarining tanqidlariga uchragan, aholi esa kamida bir yarim ming amerikalik harbiy hayotiga zomin bo‘lgan va 12 ming askarni nogironga aylantirgan urushdan charchagan.

Al-Qoida rahbari Usoma Bin Lodinning o‘ldirilishi ham Afg‘onistonda olib borilayotgan amaliyotlarga nisbatan G‘arb davlatlari fikrlarini birmuncha o‘zgartirgan.

"Afg‘onistonda abadiy qo‘riqlamoqchi emasmiz"

Janob Obama o‘z chiqishida Afg‘oniston strategiyasi yuzasidan aniq qarorlarni 2009 yil dekabrida olganini aytdi.

Mazkur strategiya jumlasiga al-Qoida rahbarlarini hadafga olish, Tolibonga nisbatan munosabatni o‘zgartirish va Afg‘oniston xavfsizligi uchun mas‘uliyatni afg‘on milliy armiyasiga topshirish kiradi.

"Oq Uy ma‘muriyati qo‘shinlarni Afg‘onistondan 2011 yil iyulidan olib chiqa boshlashini bildirgan edi," - dedi Barak Obama. - "Bu kecha men, biz o‘z so‘zimiz ustidan chiqayotirmiz, deb ayta olaman."

"Al-Qoida 2001 yil 11 sentyabridan buyon eng kuchli bosim ostida qolmoqda... Biz al-Qoida rahbarlarining yarmidan ko‘prog‘ini mahv etdik. Tarmoq mag‘lubiyatga uchramoqda. Toki to‘liq g‘alaba qozonmas ekanmiz, ortga chekinmaymiz," dedi Amerika prezidenti .

Amerika prezidentining aytishicha, Afg‘onistonda Tolibon nazorati ostida bo‘lgan qator hududlar ishg‘ol etilgan.

Bu muvaffaqiyatlarda, Barak Obamaning ta‘kidlashicha, ittifoqchi kuchlarning ko‘magi salmoqli bo‘lgan.

"Biz Afg‘oniston ko‘chalari va tog‘larini abadiy qo‘riqlamoqchi emasmiz. Bu vazifa afg‘on hukumati mas‘uliyatidadir," - dedi Barak Obama.

Qo‘shma Shtatlar Afg‘onistonga 2001 yil kuzida qo‘shin kiritganidan buyon bir trilliondan ko‘proq mablag‘ sarflagan.