Rossiyaliklar Ikkinchi Jahon Urushini qanday xotirlaydilar?

Shu kunlarda Rossiya va MDH mamlakatlarida Olmoniya fashistlarining Sovet Ittifoqiga qarshi urush boshlagani 70 yilligi xotirlanmoqda.

Ikkinchi jahon urushi insoniyat tarixida eng qonli sahifalar qatoridan o‘rin olgan.

Yaqinda Rossiya Mudofaa vazirligi tarqatgan ma‘lumotga ko‘ra, Ulug‘ Vatan urushida Sovet Ittifoqidan 26 milliondan ortiq inson hayotdan ko‘z yumgan. Ulardan 8,5 millioni jang maydonlarida halok bo‘lgan.

Ikkinchi Jahon Urush yakun topganiga 65 yil yil to‘lgan esa-da, urushga bog‘liq bahsu munozaralar hanuz so‘nmagan.

Rossiyada Olmoniya fashistlarining yer bilan yakson etilishi, asosan, Sovet Ittifoqi sa‘y - harakatlari natijasi degan fikr keng tarqalgan.

Moskvalik Ulug‘ Vatan urushi qatnashchisi, "Urush faxriylari Kengashi" faoli Vasiliy Dementьevning fikricha, G‘arb davlatlari G‘alabani qo‘lga kiritishda Sovet Ittifoqi xizmatlarini ko‘rmaslikka harakat qilishadi.

"G‘arb tarixchilari G‘alaba me‘morlari ingliz va amerikaliklar bo‘lgan deya dunyo bo‘ylab jar solishadi. Lekin, bu noto‘g‘ri fikr. Chunki, G‘arb liderlari ikkinchi front ochilishini bizga uch marta va‘da qilishdi. 1942 yilda ham, 1943 yilda ham ochilmadi. Faqat 1944 yilning yozida, Qizil Armiya ancha ilgari surilgandan so‘ng ikkinchi front ochildi", - deydi Vasiliy Dementьev.

O‘z navbatda tarixchi, professor Andrey Zubovning aytishicha, Olmoniya fashistlarini mag‘lubiyatga uchratishda, Sovet Ittifoqi qahramonligini ulug‘lash, Sho‘rolar hokimiyatidan qolgan meros hisoblanadi.

"Sho‘rolar davridan qolgan Ikkinchi Jahon Urushiga doir eskicha tushuncha avloddan-avlodga o‘tib kelmoqda. Maktablarda shunday o‘qitilgan. Hozirgi Rossiya matbuotida ham urushga oid yondoshuv o‘zgarmagan. Ota-bobolarimizdan xato o‘tgani, ularning ayrim masalada xato gapirganlarini ochiq aytish bizda qabul qilinmagan. Bizga G‘alaba faqat Sho‘rolar qahramonligi bois erishilgani ko‘proq urg‘ulanadi. Sho‘rolar tuzumidan qolgan bunday yanglish bilim va tarbiya o‘zgarishi lozim. Menimcha, G‘arb va Rossiya tarixchilari, o‘qituvchi va siyosatchilari sovuq urush oqibatlarini bartaraf etish uchun birgalikda faoliyat yurgizishlari lozim",- deydi professor Andrey Zubov.

Biroq, Rossiya rahbariyati, G‘arb bilan bo‘lgan munosabatlarni yaxshilash maqsadida urushga doir ayrim tushunchalarga ochiq baho berishga intilmoqda degan fikrlar ham yo‘q emas. O‘tgan yili Rossiyada G‘alaba bayrami arafasidagi chiqishida Prezident Dmitriy Medvedev Iosif Stalinning o‘z xalqiga nisbatan sodir etgan jinoyatlari hech goh kechirilmasligini urg‘uladi.

Moskva Qizil maydonida o‘tgan harbiy paradda esa ilk marotiba AQSh, Buyuk Britaniya, Frantsiya va Polsha faxriylari Rossiyalik hamkasblari bilan birgalikda saf saf tortib o‘tishdi.

Tataristonlik olim, adabiyotshunos Normuhammad Hisamovning fikricha, 9 may harbiy paradda ittifoqdosh davlatlar rahbarlari va faxriylarining ham da‘vat etilgani, Rossiya hokimiyatida Ikkinchi Jahon Urushiga bo‘lgan qarashning o‘zgarayotganining bir nishonasidir.

"Olmoniya fashistlarini yengishda bizga ittifoqdosh - AQSh va Ovro‘po davlatlarining ham xizmatlari singani borasida yaqin yillargacha biryoqlama yondoshildi. Lekin, hozirda vaziyat yaxshi tomonga o‘zgarmoqda. O‘tgan yilgi 9 may Moskva Qizil maydonida o‘tgan G‘alaba bayrami paradida AQSh va G‘arb davlatlari faxriylarining qatnashgani bunday o‘zgarish nishonalaridan biridir", - deydi Normuhammad Hisamov.

Rossiya hokimiyati Sho‘rolar tarixi, jumladan, Ulug‘ Vatan urushi mavzularini mamlakat icharisi va xorijda qanday talqin etilishini diqqat bilan kuzatib boradi.

Yaqinda Prezident Dmitriy Medvedev tashabusi bilan tarixni soxtalashtirishga qarshi Komissiya barpo etildi.

Ushbu hujjat Ulug‘ Vatan urushida Sovet Ittifoqi g‘alabasini inkor etgan hamda boshqa tarixiy voqealarni soxtalashtirgan shaxslarga nisbatan jinoiy jazo qo‘llashni nazarda tutadi.

Kremlь tanqidchilari Rossiya rahbariyati tashabbusini keskin qoraladi. Ekspertlarga ko‘ra, tarixni soxtalashtirishga qarshi Komissiya, Rossiya qonunlari, jumladan, so‘z va vijdon erkinligiga zid hisoblanadi.

O‘z navbatda Qizil Armiya Sharqiy Ovro‘po davlatlarini fashizmdan ozod etish qatori, ushbu mamlakatlarni ozodlikdan mahrum etgani va kommunistik tuzum joriy etgani ham aytiladi.

Ayni damda so‘ngi so‘rov natijalari rossiyaliklar orasida Ikkinchi jahon urushiga oid ma‘lumot yildan-yilga so‘nib borayotganini qayd etgan.

O‘tgan yil yozida jamoatchilik fikrini o‘rganuvchi Umumrossiya Markazi - VTsIOM o‘tkazgan tadqiqot bo‘yicha rossiyaliklarning qariyb 60 foizi Ulug‘ Vatan urushida qozonilgan g‘alabani Rossiya tarixidagi eng buyuk voqea hisoblashlarini tilga olishgan.

Shu qatorda so‘ralganlarning 40 foizi Rossiya yoshlari orasida Ikkinchi Jahon Urushi haqida ma‘lumot yildan-yilga so‘nib borayotganini ta‘kidlashgan.