"BBC muxbiri O‘rinboy Usmon zudlik bilan ozod etilishi kerak" - Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi

Image caption O‘rinboy Usmon 10 yildan beri BBC Jahon Xizmatining Tojikistondagi muxbiri bo‘lib ishlab keladi

Tojik hukumati hibsda ushlab turilgan BBCning Tojikistondagi muxbiri O‘rinboy Usmonga qarshi barcha soxta ayblovlarni bekor qilishi va uni zudlik bilan ozod etishi kerak, deb chiqqan Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi. Bu o‘n bir kundan beri Tojikistonda shimolida panjara ortida ushlab turilgan janob Usmonning ozod etilishi talabi bilan qilingan ko‘plab xalqaro chaqiriqlarning oxirgisi bo‘lmoqda. Qo‘mitaning xavotirlariga binoan, O‘rinboy Usmon ishi mahkamaga oshirilsa, u 15 yilgacha qamoq jazosiga mahkum etilishi mumkin.

Bu Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasining O‘rinboy Usmon taqdiridan xavotir bildirib chiqargan ikkinchi bayonoti bo‘lmoqda.

Ayni damda O‘rinboy Usmonning o‘g‘li Oybekning bildirishicha, payshanba kuni kechqurun otasi yana Milliy Xavfsizlik Qo‘mitasiga so‘roq uchun olib ketilgan va soat 22:00largacha so‘roq qilingan.

O‘rinboy Usmon ikki kun avval Milliy Xavfsizlik Qo‘mitasidan Adliya vazirligiga qarashli tergov izolyatoriga ko‘chirilgandi.

Biroq, u hozirda yana Milliy Xavfsizlik Qo‘mitasida saqlanmoqda va so‘roq davom etmoqda.

Himoyachisi Fayziniso Vohidova BBCga so‘roq tugashi ortidan u yana tergov izolyatoriga qaytarilishini bildirdi.

Uning aytishicha, o‘z mijozining xavfsizlik qo‘mitasiga qayta olib kelinishiga sabab, u yerda O‘rinboy Usmonning qo‘mita tomonidan tortib olingan kompyuterlari ochilgan va undagi fayllar tekshirilgan.

Bu kompyuter qo‘mitada saqlangani uchun, O‘rinboy Usmon so‘roq uchun aynan shu yerga olib kelingan, deydi himoyachisi.

Dushanba kuni O‘rinboy Usmonning himoyachisi Fayziniso Voxidova o‘z mijoziga qarshi "Tojikiston konstitutsion tizimini kuch bilan o‘zgartirishga ommaviy chaqiriqlar" qilish aybi ilgari surilganini bildirgan.

Bu ayblov 15 yilgacha bo‘lgan qamoq jazosini ko‘zda tutadi.

Xo‘jand viloyati milliy xavfsizlik qo‘mitasi BBC muxbirini 13 iyun kuni man etilgan Hizbu Tahrir Islomiy tashkilotiga a‘zolikda gumon qilib qo‘lga olgan va uni o‘z radio xabarlari hamda internet orqali Hizbu Tahrir g‘oyalarini targ‘ib qilishda ayblagan.

Hukumatga tegishli press.tj internet sahifasi O‘rinboy Usmon bilan suhbat o‘tkazib, u Hizbu Tahrir tashkilotiga a‘zo ekani borasidagi iddaolarni rad qilgani, biroq tashkilot a‘zolari bilan uchrashganini tan olganini xabar qilgan.

O‘rinboy Usmonning advokati Fayziniso Voxidovaning BBCga aytishicha, Tojikiston qonunlariga binoan muxbirlar jinoyatchilar bilan ish faoliyatlari uchun uchrashishlari ortidan ma‘lumotni hukumatga oshkor etishlari shart emas.

"Biz tojik hukumatini O‘rinboy Usmonovga qarshi ayblovlarni zudlik bilan bekor qilishga chaqiramiz. U kechiktirilmasdan hoziroq ozod etilishi kerak", dedi Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasining Ovro‘po va Markaziy Osiyo dasturi muvofiqlashtiruvchisi Nina Ognianova.

Qo‘mita Tojikistonning AQShdagi elchixonasiga murojaat etgan, biroq elchixona ma‘lumot ozligini aytib sharh berishdan bosh tortgan.

BBCning hukumat va xavfsizlik idoralaridan sharx olish harakatlari ham javobsiz qolmoqda.