Eron o‘rta masofaga uchuvchi ballistik raketani sinovdan o‘tkazdi

Фото муаллифлик ҳуқуқи fars
Image caption Eron raketa dasturi Qo‘shma Shtatlar va Isroilga g‘ulg‘ula solgan

Eron Fors ko‘rfazidagi Qo‘shma Shtatlar va Isroil kuchlarini nishonga olishga qodir bo‘lgan o‘rta masofaga uchuvchi raketani sinovdan o‘tkazdi, deb xabar beradi Eron mahalliy matbuoti.

Seshanba kuni o‘tkazilgan harbiy havo mashqlarda Eron o‘rta masofaga uchuvchi raketadan tashqari yana qisqa masofaga uchuvchi 13ta ballistik raketani sinab ko‘rgan.

Xabarlarda ta‘kidlanishicha, dushanba kuni boshlatilgan mashg‘ulot biron bir mamlakatga qarshi qaratilmagan.

Eron "Inqilob Posbonlari" Gvardiyasining generali Amir Ali Hojizoda Eron raketa dasturi Ovro‘po davlatlariga qarshi qaratilmagani, balki Fors ko‘rfazidagi Isroil va AQSh kuchlaridan himoyalanishga qaratilganini aytgan.

"Bugun, mashg‘ulotning ikkinchi kunida, biz "Zilzol", "Shahob-1" va "Shahob-2" hamda o‘rta masofaga uchuvchi "Qadr" raketalarini uchirdik," - deb aytgan janob Hojizoda Eron davlat televideniyesi bilan suhbatda.

"Qadr" raketasi 2 ming kilometrdagi hadafni nishonga olishga qodir, deb xabar beradi IRNA axborot agentligi.

Eron raketa dasturi g‘arbni xavotirga solib keladi.

G‘arb hukumatlarining qo‘rqishicha, Tehron yadroviy kallaklarni tashiy bilgan ballistik raketalarni ishlab chiqishga harakat qilmoqda.

Ularning ishonishicha, Eron ayni rejani yadroviy dastur chorcho‘basida amalga oshirishga urinmoqda.

Tehron yadroviy qurol ishlab chiqish niyati yo‘qligini ta‘kidlab keladi.