Ovro‘po Ittifoqi O‘rinboy Usmonni ozod etishga chaqirmoqda

Image caption O‘rinboy Usmonni ozod qilish talabi bilan G‘arbda bosimlar kuchaymoqda

Ovro‘po Ittifoqi Shimoliy Tojikistonda hibsda tutib turilgan BBC muxbiri O‘rinboy Usmon taqdiridan xavotir izhor etib, uni ozod qilishga chaqirgan.

Ittifoq Tashqi Aloqalar bo‘yicha oliy komissari so‘zchisi Maya Kochiyanchich Tojikistonning Ovro‘podagi sheriklari O‘rinboy Usmon ishini yaqindan kuzatishayotganini qayd etdi.

"Biz tojik rasmiylarini O‘rinboy Usmonga nisbatan shafqatsiz munosabat bo‘lgani va tergov payti huquqiy qonun-qoidalarga rioya etilmagani haqidagi ayblovlarni o‘rganib chiqishni talab qilamiz" - dedi Maya Kichiyanchich - "Biz tojik rasmiylarini jurnalist ishini adolat bilan ko‘rib chiqishga chaqiramiz".

Ovro‘po Ittifoqiga a‘zo davlatlar hamda Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti shu paytgacha ikkita bayonot bilan chiqib, O‘rinboy Usmonni ozod qilishga chaqirgan.

Bryussel bundan buyog‘iga mazkur ish qanday rivojlanayotganini kuzatmoqchi. Maya Kochiyanich bu o‘rinda Tojikiston Ovro‘podan oladigan katta miqdordagi moddiy yordam masalasiga ham ishora qildi.

"Ovro‘po Ittifoqi, ma‘lum bir mamlakatga yordam berarkan, bu yordamni ma‘lum sohalarni rivolantirishga qaratadi. Misol uchun, Ovro‘po Ittifoqi yordam dasturlari islohtalab sohalarga yo‘naltiriladi. Hozirda bizning janubiy qo‘shnilarimiz - arab davlatlarida evrilishlar yuz berayotgan ekan, bunday ko‘maklarni kuchaytirishga harakat qilamiz" - dedi Bryussel vakili.

BBC jurnalistlari namoyishi

Ayni damda, BBC Jahon Xizmatining Londondagi qarorgohida jurnalistlar ikkinchi marotaba namoyish o‘tkazib, O‘rinboy Usmonni zudlik bilan ozod qilishni talab qildilar.

Namoyishda so‘zga chiqqan BBC Til Xizmatlari Bosh Muharriri Lilian Landor o‘tkazilayotgan bosimlarga qaramasdan, Tojik hukumati O‘rinboy Usmonni ozod qilish talablarini javobsiz qoldirayotganini qayd etdi.

"Jurnalistlarni o‘z faoliyati uchun hibsga olish juda afsuslanarli holat" - deb ta‘kidladi Lilian Landor.

Hozir Xo‘jandga borgan BBC Markaziy Osiyo Xizmati rahbari Hamid Ismoil esa oldinroq O‘rinboy Usmonni hibsxonaga borib ko‘rgandi.

Hamid Ismoil uning ahvolidan chuqur xavotir izhor qilgan.

Tojikiston rasmiylari O‘rinboy Usmonga qo‘yilgan Hizb ut-Tahrirga a‘zolik aybini olib tashlashdi. Ammo Hizb ut-Tahrir borasida rasmiylarni ogohlantirmagan, degan ayb bilan hibsda tutib turmoqda.

BBC O‘rinboy Usmonning Hizb ut-Tahrirga aloqasi borligini rad etadi va jurnalist faqat BBC topshirig‘i bilan Hizb ut-Tahrir borasida xabarlar tayyorlaganini aytadi.

O‘rinboy Usmon bilan birga ishlagan hamkasblari va yaqinlari 60 yoshga yaqinlashib qolgan jurnalist va yozuvchining, aksincha, Hizb ut-Tahrir kabi guruhlarga qarshi mavqeda ekanini urg‘ulashadi.